Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudda audioyozuvdan foydalanishni majburiy qilish taklifi – xorij tajribasi qanday?
10:21 / 2022-08-09

Fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini, erkinliklari va manfaatlari himoya qilinishida sudlar alohida ahamiyat kasb etadi.

Sudlarning bu vazifalarni bajarishida ular qabul qiladigan qarorlarning qonuniy va asosli bo‘lishi, sud ishlarini yuritishdagi protsessual hujjatlarning sifatli bo‘lishi muhim.

Bunda sud majlisi va sud majlisidan tashqari amalga oshirilgan boshqa protsessual harakatlar to‘g‘risida yuritiladigan bayonnomaning mazmuni, uni yuritish tartibi kabi masalalarga e’tibor berish talab etiladi.

SUD BAYONNOMASI NIMA?

Sud majlisida yuritiladigan bayonnoma isbotlash vositasidir. U protsessning barcha ishtirokchilariga, shuningdek, sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshiruvchi yuqori sud instansiyalariga quyi sudning harakatlarida protsessual qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-taomillarga rioya qilinganligini tekshirish imkonini beradi. U yoki bu protsessual harakatlar va hujjatlarning qonuniyligini belgilaydi.

Sud muhokamasidagi barcha ahamiyatli deb hisoblagan holatlar sud majlisi bayonnomasida aks ettirilishi zarur.

KAMCHILIKLAR

Biroq, bugun sudlarda ish hajmining ko‘pligi sabab sud majlislarida bayonnoma yuritilishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi kuzatilmoqda.

Xususan, sud majlisi bayonnomalari protsessual, imloviy va mazmun jihatidan jiddiy xatolar bilan to‘ldirilmoqda. Sudlanuvchi, jabrlanuvchi va sudda ishtirok etuvchi boshqa ishtirokchilarning ko‘rsatmalari tushunarsiz, yuzaki bayon etilayotgani, hatto, sudya, prokuror, advokat tomonidan berilgan savollar ham bayonnomada o‘z aksini topmayotgan holatlar uchrab turibdi.

Holbuki, bayonnoma muhim hujjat hisoblanib, unda sud majlisidagi holatlar boricha aks etishi kerak. Chiqariladigan sud hujjatlarining xolis, asosli va qonuniyligida sud majlisi bayonnomasi alohida ahamiyat kasb etadi.

AUDIYOZUV QULAYLIKLARI

Sudlarda ishni ko‘rish vaqtida audioyozuvdan foydalangan holda sud majlisining yozib olinishi sudyaning ishni ko‘rish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytiradi va sud protsesslarining sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, sud majlisi bayonnomasini o‘zgartirib qo‘yish yoki uni yo‘qolib qolishi kabi salbiy holatlarga barham beradi, sud majlisi kotibining ish yuklamasini ham birmuncha yengillashtiradi, chunki sud majlisini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish sud majlisida bo‘lib o‘tgan hodisalarni o‘zida to‘liq aks ettiradi. Mutaxassislarning fikricha, hatto tajribali kotib ham sud majlisida bo‘lib o‘tayotgan va ish uchun muhim bo‘lgan barcha holatlarni yozib borish imkoniyatiga ega bo‘lavermaydi.

Ayni paytda jami 665 ta sud zallari sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish tizimi bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, bugungi kunga qadar jami 385 ta sud zallari videokonferensaloqa tizimlari bilan ta’minlangan. Mazkur tizim ham sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish imkoniyatiga ega.

Amaldagi qonunchilikda sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borishning ixtiyoriy tartibi joriy etilgan.

Jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlarning sud majlisini audio va (yoki) videoyozuvga olish bo‘yicha quyidagi umumiy jihatlari mavjud:

– yopiq sud majlisini audio- va videoyozuvga olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

– sud majlisi audio- yoki videoyozuvga olingan taqdirda, sud majlisi bayonnomasiga sud majlisida yozib olish texnika vositalaridan foydalanilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yiladi.

– sud protsessi ishtirokchilarining sud majlisi audio- yoki videoyozuvi bilan tanishish huquqi mavjud.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda sud majlislari tegishli audioyozish vositalari bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lishiga qaramasdan, ushbu vositalardan samarali foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish hozirgi davr talabi hisoblanadi.

XORIJ TAJRIBASI QANDAY?

Xorijiy davlatlarning qonunchiligida sud majlislarini audio va (yoki) videoyozuv vositalaridan foydalangan holda qayd etib borish tartibi sudning qanday toifadagi ishlarni ko‘rib chiqishiga bog‘liq ravishda belgilangan. Jumladan, Ispaniya, Gretsiya, Slovakiya, Ruminiya, Chexiya, Gruziya, Ukraina, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Belorussiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston jinoyat-protsessual qonunchiligida sud majlisini audioyozuv vositalaridan foydalangan holda qayd etib borish sud majlisini tashkil etishning majburiy sharti sifatida belgilangan.

Xususan, Ispaniya Jinoyat-protsessual kodeksi 743-moddasiga ko‘ra, og‘zaki sud muhokamalari ovoz va tasvirni yozib olishga imkon beradigan vosita orqali yozib olinadi. Sud majlisi kotibi ushbu yozuvlar mavjud elektron hujjatning saqlanishi uchun mas’ul hisoblanadi.

Gretsiya Jinoyat-protsessual kodeksi 143-moddasiga muvofiq, jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlislarini audio shaklda qayd etish majburiy hisoblanadi. Bayonnoma audioyozuvi sudyaning ko‘rsatmasi asosida sud majlisi kotibi tomonidan yuritiladi. Audioyozuvning jismoniy tashuvchisi (raqamli disk va kasseta) audioyozuvning matn shaklidagi versiyasi bilan taqqoslash maqsadida sud ishi bilan birgalikda saqlanadi. Sud majlisining audioyozuvi sud majlisining dastlabki bayonnomasi matnini shakllantiradi. Sudya va sud majlisi kotibi tomonidan imzolangan audioyozuv matni sud majlisi bayonnomasining matni hisoblanadi.

Gruziyaning «Umumiy sudlar to‘g‘risida»gi Qonuni 131-moddasiga ko‘ra, sud sud protsessining audio va (yoki) videoyozuvi amalga oshirilishini ta’minlash majburiyatiga ega. Sud taraflarning iltimosiga ko‘ra, sud protsessining audio va (yoki) videoyozuvidan foydalanish imkoniyatini taqdim etishi lozim.

Sud tomonidan sud majlisini qisman yoki to‘liq yopiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan hollarda taraflar audio va (yoki) videoyozuvlarni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolashlari talab etiladi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Slovakiya, Chexiya, Gruziya, Ukraina, Rossiya va Moldova fuqarolik protsessual qonunchiligida sud majlislarini audioyozish vositalaridan foydalangan holda qayd etish lozimligi nazarda tutilgan.

Chexiya Fuqarolik protsessual kodeksi 40-moddasida sudning taraflar bilan munosabatga kirishishi, dalillarni ko‘zdan kechirishi yoki hal qiluv qarorini e’lon qilishi bilan bog‘liq protsessual harakatlar audioyozuv shaklida qayd etilishi belgilangan. Qonundan nazarda tutilgan hollarda audioyozuv amalga oshirilmaganda, ushbu holatlar bo‘yicha bayonnoma tuziladi. Sud majlisni audioyozuv orqali qayd etish bilan birgalikda bayonnoma tuzish haqida qaror qabul qilish vakolatiga ega. Audioyozuv bilan bayonnoma o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqanda, audioyozuv ustunlik mavqeyiga ega.

Ukraina Fuqarolik protsessual kodeksi 247-moddasiga muvofiq, sud ishni ko‘rib chiqish vaqtida sud majlisini ovozni yozib olish vositalari yordamida to‘liq qayd etilishini ta’minlaydi.

Taraflardan birining iltimosi yoki sud tashabbusi bilan sud majlisi video yozib olish vositalari yordamida to‘liq qayd etiladi.

Sud majlisini texnik vositalar orqali qayd etish sud majlisi kotibi tomonidan amalga oshiriladi. Sud majlisida ishning barcha ishtirokchilari mavjud bo‘lmaganda yoki qonunga muvofiq sud ishni taraflar ishtirokisiz ko‘rib chiqqanda, sud majlisi ovozni yozib olish vositalari yordamida qayd etilmaydi. Ishni ko‘rishda ishtirok etgan shaxs sud protsessining audio va (yoki) videoyozuvi nusxasini olishga haqli.

Singapurda Oliy sudning «Sud qoidalari to‘g‘risida»gi qonuni 11-moddasida sud majlisida qonunchilikda nazarda tutilgan audioyozuv tizimidan foydalanilganda, audioyozuv sud majlisining rasmiy bayonnomasi hisoblanishi nazarda tutilgan. Audioyozuv tizimidan foydalanilmagan hollarda, sud majlisida sud qaror qilgan har qanday usulda yozib olingan sud majlisi jarayonining qaydlari sud majlisining rasmiy bayonnomasi hisoblanadi.

Singapurda barcha sud zallari raqamli audioyozish tizimi (DART) bilan ta’minlangan. Audioyozuv materiallari zarur bo‘lgan hollarda davlat sudlari tomonidan tayinlangan «Epiq Singapore Pte Ltd» kompaniyasi tomonidan matn shakliga o‘giriladi.

Sud ishi bo‘yicha taraflar audioyozuvning matn shaklini olish yuzasidan bevosita ushbu kompaniyaga murojaat qilishlari mumkin. Ammo, audioyozuvning tasdiqlangan matn shaklini olish uchun sudga murojaat qilish talab etiladi. Davlat sudlari sud majlislari bo‘yicha audioyozuv materiallari nusxasini taraflarga taqdim etmaydi.

Bundan tashqari, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina va Belarus qonunchiligida iqtisodiy nizolar bilan bog‘liq sud majlislarini audioyozish vositalaridan foydalangan holda qayd etib borish majburiy etib belgilangan.

TAKLIF

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda sud majlisi audioyozuvini majburiy olib borish tartibini joriy etish, manfaatdor shaxslarning murojaatiga asosan sud majlisining audioyozuvlarini «E-XSUD» axborot tizimi orqali elektron taqdim etish tartibini yo‘lga qo‘yish, jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamda iqtisodiy sudlarni audioyozuvlarni matn shakliga o‘giradigan dasturiy ta’minot bilan ta’minlash taklif etiladi.

Ilg‘or xorij tajribasi asosida sud majlisini audioyozish vositalaridan foydalangan holda qayd etish tartibining takomillashtirilishi quyidagi ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi:

– sud protsessida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash imkoniyati oshadi;

– sud protsessida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni aniqlash osonlashadi;

– sud xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligi oshadi;

– sudya yordamchilarining ish hajmi keskin kamayadi;

– protsess ishtirokchilari sud majlisining audio- yoki videoyozuvi bilan onlayn tanishish imkoniga ega bo‘ladi;

– qog‘oz bo‘yicha sudlarning sarf-xarajatlari keskin kamayadi;

– mamlakatning sud tizimi bo‘yicha amaliyoti Xalqaro reyting va indekslarda yuqori baholanadi.


Otabek Toshev,

Zafar Ergashev,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot institutining mas’ul xodimlari