French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudanda egallab olingan laboratoriyada qizamiq va sil kasalliklari namunalari saqlanadi
14:54 / 2023-04-28

Sudanda mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarning biri egallab olgan Biologiya laboratoriyasida qizamiq va sil xastaliklari namunalari hamda poliomiyelit virusi saqlanadi. Bu haqda payshanba kuni JSSTning Sharqiy O‘rtayer dengizi mamlakatlari mintaqaviy byurosi direktori Ahmad al-Mandxari bayonot berdi.

“Ushbu laboratoriyada qizamiq, vabo, sil,  poliomiyelit va boshqa ko‘plab xavfli kasallik namunalari saqlanadi”, - deya ma’lum qilgan al-Mandxari byuroning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasi orqali. “JSST o‘qitilmagan odamlar ushbu namunalardan noto‘g‘ri foydalanishi, o‘zlariga yuqtirib olishi, so‘ngra infeksiyani tarqatishi mumkinligidan qattiq xavotirda”, - deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, al-Mandxarining ta’kidlashicha, hozirda Sudanda sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolar, zo‘ravonliklar, tibbiy muassasalarning ishlamayotgani, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash cheklangani, oziq-ovqat mahsulotlarining yetishmasligi, odamlarning boshqa joyga majburiy ko‘chib o‘tayotgani eng katta xavfni yuzaga keltirmoqda.

JSST vakilining ta’kidlashicha, respublikada epidemiyalar, ayniqsa, vabo  tarqalishi xavfi juda yuqori.

Sudanda 15 apreldan buyon Muhammad Xamdan Daglo qo‘mondonligidagi Tezkor harakat kuchlari bilan Sudan muntazam armiyasi o‘rtasida janglar davom etmoqda.  

Sudan sog‘liqni saqlash vazirining ma’lum qilishicha, qurolli to‘qnashuvlar natijasida halok bo‘lganlar soni 600 kishiga yetgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Margaret Xarris BMTning juma kuni uyushtirilgan brifingida 413 kishi halok bo‘lgani, 3 ming 551 kishi jarohat olgani haqida ma’lumot  bergan edi.

Sudan vrachlar kasaba uyushmalari esa urush boshlangandan buyon 256 nafar tinch aholi qurbon bo‘lgani, 1 ming 454 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilgan.