Al-Fashir shahridagi bosh shifoxonada yuzlab tinch aholi qatl qilindi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) rahbari Tedros Adanom Gebreyesus ma’lum qilishicha, “Rapid Support Forces” (RSF) jangchilari “Saudi Hospital” ichida 460 odamni o‘ldirdi. Shifoxonada yotgan bemorlar, ularning yaqinlari va tibbiyot xodimlari otib tashlangan, deya xabar berdi Sudan shifokorlar tarmog‘i.
RSF jangchilari 18 oylik qamal va tinimsiz bombardimondan so‘ng qo‘lga kiritgan bu shahar Darfur armiyasi nazoratidagi so‘nggi yirik manzil edi. Shahar boy berilishi ortidan 250 000 dan ko‘p begunoh aholi vakilining taqdiri xavf ostida qolgan. Fuqarolar shahardan chiqishga urinarkan, qiynoq, kaltak va zo‘ravonlikka uchrayapti, o‘g‘irlab ketilyapti, asirga olinib, katta miqdorda to‘lov talab qilinyapti. Ayrimlar yo‘ldayoq otib tashlangan.
Aloqa uzilgani bois vaziyatni tasdiqlash qiyin. Video lavhalarda RSF jangchilari qurolsiz odamlarni otayotgani ko‘rinadi. “Bu joy hozir yer yuzidagi eng yomon fojiaviy nuqta”, — dedi sobiq BMT rasmiysi Yan Egeland. WHO ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlangandan beri Sudan bo‘ylab 185 tibbiyot muassasasiga hujum qayd etilgan.
BMT, gumanitar tashkilotlar va huquq himoyachilari vaziyatga zudlik bilan xalqaro e’tibor va aralashuv zarurligini talab qilmoqda. RSF hozir Darfur va qo‘shni Kordofanning salmoqli qismini nazorat qilyapti. Hukumat armiyasi esa poytaxt Xartum va sharqiy hududlarda qolgan. 2021 yil ikki tomon bir vaqtda hokimiyatni egallagani sababli ayni payt mamlakat parchalanish arafasida. Sudan hozir eng qora kunlarni boshidan kechirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA