Sudanda armiya va Tezkor harakat kuchlari otryadlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar natijasida 270 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus brifingda ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, JSST Sudandagi vaziyatdan jiddiy xavotirda.
– Sudan Sog‘liqni saqlash vazirligi Tezkor shtabi ma’lumotiga ko‘ra, mojaro natijasida 2600 dan ziyod odam jarohatlangan, – dedi mulozim. – BMT Jahon oziq-ovqat dasturining uch nafar xodimi ham fojiali nobud bo‘ldi. Qayd etilishicha, eng shiddatli to‘qnashuv poytaxt Xartumda yuz bergan. JSST rahbari xavfli vaziyat tufayli mamlakat tibbiyot muassasalari faoliyati cheklanganini ham qo‘shimcha qildi: “Mavjud vaziyat tibbiyot xodimlari va tez yordam mashinalarining tibbiy muassasalarga kirishini qiyinlashtirmoqda. Buning oqibatida yanada ko‘proq insonlar hayoti xavf ostida qoladi”.
JSST tomonidan mamlakat tibbiyot muassasalariga tarqatilgan dori-darmon zaxirasi nizo avj olishidan oldin tugagan. Hatto, poytaxtdagi kasalxonalarda ham eng zarur preparatlar yetishmasligi ma’lum qilingan.