Sudan tashqi ishlar vazirligi mamlakatda yuzaga kelgan vaziyatni hal qilishda yordam koʻrsatish istagini bildirgan mamlakatlarga minnatdorlik bildirib, ushbu muammo ichki masala ekanini taʼkidladi va har qanday xalqaro aralashuvga qarshi chiqdi. Mahkama shu haqda rasman bayonot bilan chiqdi, deyiladi “RIA Novosti” tarqatgan xabarda.
– Tashqi ishlar vazirligi mamlakatdagi keskinlikni bartaraf etish maqsadida yordam taklif qilayotgani uchun Arab va Afrika mamlakatlariga, shuningdek xalqaro hamjamiyatga minnatdorlik bildiradi, – deya taʼkidlanadi vazirlik tarqatgan bayonotda. – Shu bilan birga mazkur masala mamlakatning ichki ishi va vaziyatni bartaraf qilish xalqaro aralashuvsiz, faqat sudanliklar ixtiyorida amalga oshirilishi kerak.
Shanba kuni arab telekanallari Sudan armiyasi bilan tezkor harakat kuchlari oʻrtasida jang boshlangani haqida xabar tarqatgan edi. Ertasiga Sharqiy Afrikani rivojlantirish boʻyicha hukumatlararo tashkilot (IGAD) bayonot berib, Sudanga Keniya, Janubiy Sudan va Jibuti rahbarlari borayotgani, ular mamlakat armiyasi bilan Tezkor harakat kuchlarini yarashtirishga urinib koʻrishini maʼlum qildi. Xartumga, shuningdek, Afrika ittifoqi komissiyasi ham delegatsiya joʻnatishini aytgan.