Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sudan bosh vaziri ozod etildi. So‘nggi ma’lumotlar
20:04 / 2021-10-27

Shu kunlarda Sudandagi davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq voqealar butun dunyo ommaviy axborot vositalarining e’tiborida turibdi.

8 oktyabr kuni Sudan harbiylari o‘tish davri hukumati a’zolarini hibsga olgandan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari avj oldi. Harbiylar bosh vazir Abdulla Hamdokni ham hibsga oldi. Ammo AQSH, Britaniya va Norvegiyaning barcha hibsga olingan amaldorlarni ozod etishga chaqirig‘idan so‘ng bugun Abdulla Hamduk va uning rafiqasiga uyiga qaytishga ruxsat berildi. Bosh vazir hozirda poytaxt Xartumdagi uyida qat’iy kuzatuv ostida qolmoqda.

Sudan madaniyat va axborot vazirligi bugun mamlakatdagi vaziyat yuzasidan bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, xarbiylar tomonidan qabul qilingan barcha bir tomonlama choralar va qarorlar konstitutsiyaga zid.

“Sudan xalqi tinch namoyish o‘tkazishga haqli. Biz harbiylardan hukumat rahbarlari va barcha hibsga olingan amaldorlarni zudlik bilan ozod qilishini va suveren ijro hukumati a’zolari xavfsizligi uchun to‘liq javobgarlikni talab qilamiz”, – deyiladi bayonotda.

Ushbu bayonotda tinch aholining ham talablari keltirilgan. Ular bosh prokurordan mamlakatda sodir etilayotgan qonunbuzarliklarga qarshi zudlik bilan tergov boshlashni talab qilgan.

“Sudan hukumati xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, institutlar va guruhlarning barcha pozitsiyalarini, ayniqsa, harbiy to‘ntarishni rad etgan BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish, Afrika Ittifoqi va Arab davlatlari ligasining pozitsiyasini olqishlaydi. Bu tashkilotlarning, Sudan siyosiy va iqtisodiy sohalarda erishgan yutuqlarini xavf ostiga qo‘ymaslik kerakligi haqida ogohlantirgan”, – deyiladi bayonotda.

Rasmiy munosabatda Sudanni totalitarizmga qaytargan harbiy to‘ntarishlar keskin qoralangan. Xalq fuqarolik boshqaruvi sari olib boruvchi siyosiy yo‘llarni tiklashga, mamlakatga munosib boshqaruv asoslarini yaratishga harakat qilayotgani ta’kidlangan.

Hozir mamlakatda tartibsizliklar avj olmoqda. “Ikki kishi halok bo‘ldi, men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim”, deydi Al-Tayib Muhammad Ahmad ismli shaxs. Sudan tibbiyot birlashmasi xabarida, halokatli otishmalar Xartum tashqarisida sodir bo‘lgani aytilgan.

Ulug‘bek Mahmirzayev tayyorladi.