French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud xodimlari yashil maydonda bellashishdi
12:07 / 2025-06-25

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan idora, tashkilot, muassasa va korxonalar ishchi, xizmatchi va xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish maqsadida turli sport tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Ana shu tashabbus doirasida Jizzax viloyati sudlari tomonidan tashkil etilgan mini futbol bellashuvlari ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Unda viloyat miqyosida faoliyat olib borayotgan tumanlararo, tuman va shahar sudlarining sudyalari hamda sud apparati xodimlaridan iborat 8 ta jamoa 3 kun davomida g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.

Ushbu mini futbol musobaqasini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad,  sud tizimi xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jamoaviy harakat, hamjihatlik, sog‘lom raqobat hamda do‘stona muhitni mustahkamlashdan iboratdir.  

Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. G‘olib va faol jamoalarni aniqlashda o‘yin texnikasi, jamoaviy uyg‘unlik va sport madaniyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Bellashuvlar yakuniga ko‘ra, barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqqan Jizzax viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining birinchi jamoasi musobaqaning mutloq g‘olibi deb topildi.

Ikkinchi o‘rin viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ikkinchi jamoasiga va 3-o‘rin esa viloyat ma’muriy sudi jamoasiga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar Jizzax viloyat sudi va viloyat ma’muriy sudi raislari tomonidan kubok, medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari