Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi K.Tarixov raisligida video-konferensaloqa tarzida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy soatda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan qabul qilingan qarorlarning ahamiyatiga qaratildi.
Jumladan, “Sud binolariga kirish-chiqishda axborot xavfsizligini ta’minlash, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi holatlarning oldini olish va mehnat samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi hamda “Sudya va sud apparati xodimlari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va kitob mutolaasiga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishlarda belgilangan vazifalar atroflicha tushuntirildi.

Shuningdek, buyruq ijrosi doirasida sud binolarida axborot xavfsizligini ta’minlash, ish jarayonlarini tartibga solish va samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi. O‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy soatda sudda “Kitob burchagi” tashkil etilib, haftada bir kun kitobxonlik kuni sifatida belgilandi.

Tadbirda sudya va xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya etishi, qaror qabul qilishda ochiqlik va xolislikni ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi U.Mingbayev tomonidan “Xavfsiz muhit va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan amaliyot” mavzusidagi ma’ruza tinglanib, profilaktik tadbirlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Yuqorida qayd etilgan hujjatlar ijrosini ta’minlash – tizimli, shaffof va samarali sud faoliyatining muhim kafolati ekanligi qayd etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.