Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi bayrami munosabati bilan viloyat sudi hamda viloyat ma’muriy sudi xodimlari o‘rtasida ommaviy diktant yozish o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2024 yil 17 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” nomli ezgu g‘oya asosida bo‘lib o‘tgan ushbu tanlov jarayonlarida sud apparati xodimlari, sudya yordamchilari ishtirok etdi.


Tanlov qatnashchilari “Mening Konstitutsiyam va davlat tilim” mavzusida diktant yozib, unda yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, uning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rnini aks ettirdi. Yozilgan diktant matnlari tajribali filologlar tomonidan o‘qib eshittirildi. Sud tizimi xodimlari tomonidan yozilgan har bir diktant munosib baholandi.


Faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan xodimlar mamlakatimiz Asosiy Qonunining 32 yillik bayram shodiyonalari arafasida e’lon qilinib, viloyat sudining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA