Munosabat
Sudyalar hamjamiyati organlarining samarali faoliyati bilan odil sudlovni amalda ta’minlashning eng muhim omillari – sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, munosiblarini tanlash va tayinlashdek mas’uliyatli jarayon bilan bog‘liq. Bunda ochiqlik va shaffoflikka erishiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 24 noyabr kuni imzolangan “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish, shuningdek, sud mustaqilligini ta’minlash kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon milliy sud tizimini demokratlashtirishning mutlaqo yangi bir bosqichini boshlab berdi.

Farmonda sudyalar korpusini shakllantirish tartibini yanada takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish kabi muhim vazifalar belgilandi.
O‘rni kelganda shuni ham e’tirof etish joizki, rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasi va qonunchiligida, shuningdek, bir qator xalqaro hujjatlarda sudyalar hamjamiyati organlarining samarali faoliyat yuritishi sudyalarning mustaqilligini ta’minlashning kafolati sifatida belgilangan.
Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sud organlari mustaqilligiga oid asosiy prinsiplarida sudyalar o‘z manfaatlarini himoya qilish, kasbiy tayyorgarligini oshirish va sudyalar mustaqilligini saqlash maqsadida sudyalar birlashmalarini yoki boshqa tashkilotlarni tashkil etishi va ularga kirishi mumkinligi qayd etilgan.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash uchun sudyalar hamjamiyati organlari sudlar va sudyalar faoliyatiga oid qariyb barcha masalalarni hal qilish bo‘yicha muayyan vakolatlarga ega bo‘lishi talab etiladi. Jumladan, sudyalarni tanlash, lavozimga tayinlash, o‘qitish, xizmat bo‘yicha yuqori lavozimlarga o‘tkazish, sudyalar faoliyatini baholash va odob-axloq masalalarini hal qilish, rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish, sudlarni moliyalashtirishda ishtirok etish, sudyalarning daxlsizligini himoya qilish kabilar shular jumlasidan.
Sudyalar hamjamiyati organlarining faoliyatiga ayni paytdagi mavjud amaliyotdan kelib chiqib yondashadigan bo‘lsak, ushbu organlar orasida Sudyalar oliy kengashi o‘ta muhim o‘rinni egallaydi. Sababi, Kengash sud tizimi, xususan, sudyalar kasbiy faoliyatining aksariyat yo‘nalishlaridagi munosabatlarda bir qator vazifa va vakolatlarga ega konstitutsiyaviy organ hisoblanadi. Kengash sudyalar korpusini malakali sudya kadrlar bilan shakllantirish, ularning mustaqilligi va daxlsizligini, tizimda ichki xavfsizlikni ta’minlash, malakasini oshirish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish hamda sudlarni moliyalashtirishda ishtirok etish kabi vazifalarni amalga oshirishga mas’ul tuzilmadir.
Shu bois farmonning “Sud mustaqilligiga oid ilg‘or standartlarni joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirish”ga qaratilgan ikkinchi bo‘limi ikkinchi kichik bandida Kengash tomonidan taklif etilgan: “sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash” masalasiga rozilik berilmoqda.
Ushbu muhim mezonlar – sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlarni, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash kabi masalalarni vazifa sifatida ko‘rsatadi.
Ta’lim oluvchilarda sudyalik kasbiy madaniyatini shakllantirishga qaratilgan dasturlarni joriy etish, bo‘lajak sudyalarda mustaqil, xolis, beg‘araz, faqatgina qonunga tayangan holda adolat bilan ish yuritishning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish muhimdir.
Bu kabi interfaol o‘qitish uslublarini ta’lim jarayoniga tatbiq etishda O‘zbekiston sud tizimida yagona ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi – O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi jamoasi ham o‘z oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi.
Akademiya o‘zining kundalik faoliyatida tinglovchi va talabalarda yuksak ma’naviy, axloqiy fazilatlarni shakllantirish, ta’lim jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilish chora-tadbirlarini ko‘rishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, farmonda belgilangan vazifalar umume’tirof etilgan ilg‘or demokratik xalqaro norma va prinsiplar asosida sudyalar hamjamiyati organlari, jumladan, Sudyalar oliy kengashi faoliyati tashkiliy va institutsional jihatdan yanada takomillashtirilishining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.
Dilshod ARIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi
prorektori v.b.
O‘zA