Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud tizimida xotin-qizlar o‘rnini mustahkamlash – ustuvor vazifa
12:26 / 2026-02-10

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.

Ayniqsa, sud-huquq sohasida gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil va tizimli tus olmoqda. Bu yo‘nalishda qabul qilinayotgan qaror va farmonlar davlat rahbarining mazkur masalaga alohida e’tibor qaratayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida sud tizimida ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish vazifasi belgilab qo‘yildi. Bu ko‘rsatkich oddiy statistik raqam emas, balki sud hokimiyatida gender muvozanatni ta’minlash, qaror qabul qilish jarayonlariga turli ijtimoiy tajriba va qarashlarni jalb etish orqali adolat sifatini oshirishga qaratilgan strategik maqsaddir.

Davlat rahbari tomonidan xotin-qizlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish masalasi doimo ustuvor vazifa sifatida belgilab kelinmoqda. Sud tizimiga nisbatan bunday yondashuv esa islohotlarning chuqur ijtimoiy mazmunga ega ekanini ko‘rsatadi. Zero, sud faqat huquqni qo‘llovchi organ emas, balki jamiyatda adolat, ishonch va qonuniylik muhitini shakllantiruvchi muhim institutdir. Unda ayollar ishtirokining kengayishi esa inson huquqlari, oilaviy munosabatlar, voyaga yetmaganlar ishlari kabi sohalarda yanada sezgir va muvozanatli yondashuvni ta’minlaydi.

Farmonda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida xotin-qizlar uchun kvotalar joriy etilishi nazarda tutilgani ham davlat rahbarining uzoqni ko‘zlagan siyosati samarasidir. Bu qaror tasodifiy emas, u ayollarning sudyalik lavozimiga tayyorgarlik bosqichidayoq teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Demak, gender tenglik faqat natijada emas, balki jarayonning o‘zida ham ta’minlanmoqda.

Shuningdek, ayol sudyalar kasbiy hamjamiyatini rivojlantirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhim ahamiyatga ega. Bu orqali ayol sudyalar o‘rtasida tajriba almashish, kasbiy qo‘llab-quvvatlash muhitini shakllantirish va yetakchi kadrlar zaxirasini yaratish imkoniyati kengayadi. Bunday institutsional qo‘llab-quvvatlash gender tenglikni mustahkamlashning barqaror mexanizmi hisoblanadi.

Mazkur yondashuvlar davlat rahbarining gender tenglikni ta’minlashga doir siyosatining izchil davomi ekanini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda xotin-qizlarni davlat boshqaruvi organlarida, parlamentda, ta’lim va ilm-fan sohalarida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Sud tizimidagi ushbu yangi tashabbuslar esa ana shu umumdavlat siyosatining mantiqiy davomi bo‘lib, huquqiy sohada ham teng imkoniyatlar tamoyili mustahkamlanayotganini anglatadi.

Sud tizimida gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar davlat rahbari tomonidan bu masalaga strategik ahamiyat berilayotganini tasdiqlaydi. Ayol sudyalar ulushining ortishi sud hokimiyati faoliyatiga yangi sifat, kengroq ijtimoiy qarash va muvozanatli yondashuv olib kiradi. Bu esa o‘z navbatida jamiyatda adolat va ishonch muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Suhrob Yodgorov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining tergov sudyasi.

O‘zA