English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish muhim masala
16:33 / 2025-03-08

Munosabat

“Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak.

Shavkat Mirziyoyev

Joriy yilning 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ayrim idoralar tomonidan sudga ta’sir o‘tkazishga urinishlar hali-hanuz davom etayotganini ta’kidlab, “Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish, deb baholanadi. Bu bo‘yicha so‘rov ham, javobgarlik ham qattiq bo‘ladi” deb, barcha rahbarlarni qattiq ogohlantirdi.

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining dastlabki besh yilik davrida sud-huquq sohasini isloh etish borasida dadil qadamlar qo‘yildi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan o‘tgan yillarda 50 ga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilingan.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 22 dekabrda birinchi marta mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasidabarchamizning diqqat e’tiborimizni - Sud idoralari hali-hamon adolat qaror topadigan maskanga aylanmaganiga qaratgani ko‘pchilikni yodida bo‘lsa kerak. Bu mamlakatimiz yetakchisining ixtidorga kelgan birinchi kunlardan boshlab korrupsiya illatiga o‘ta murosasiz bo‘lganliklarini va sudlar mustaqilligini ta’minlshga alohida e’tibor qaratganlarini ko‘rsatadi. Aynan shuning uchun ham Yangi O‘zbekistonda eng avvalo sudlar mustaqilligini ta’minlash va shu orqali sud tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish borasida ulkan ishlar olib borildi.

Oradan yetti yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. So‘nggi yillarda sudlar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalda o‘zining samarasini bera boshladi.

Yaxshi bilasiz, sudlarning asosiy vazifasi inson huquqlarini himoya qilish hisoblanadi. Bunda sudyalarni mustaqil bo‘lishi nihoyatda muhimdir. Mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, bugungi kunga kelib sudlar tomonidan oqlangan shaxslar yuzasidan statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yetti yilda jami oqlangan shaxslar 4000 dan ziyod kishini tashkil etmoqda. Buni yillar bo‘yicha o‘sish dinamikasi kuzatiladigan bo‘lsa, 2017 yilda 263 ta, 2018 yilda 867 ta, 2019 yilda 3080 ta, 2020 yilda – 3434 ta, 2021 yilda – 5930 ta, 2022 yilda – 8453 ta, 2023 yilda – 7362 ta shaxs sud zalidan ozod etilgan. Shuningdek, 2017-2023 yillar davomida jami - 5956 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan.

Ushbu ko‘rsatkichlar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi oshganligining real mahsulidir. Chunki, davlat rahbari ta’kidlaganidek: ”Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak. Aks holda, buyuk nemis faylasufi Immanuil Kant aytganidek, “Adolat yo‘qolgan paytda, hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi”...

Darhaqiqat, “Odil sudlovning samaradorligiga faqat sud mustaqilligi, sudyalarning qonun doirasidagi mutlaq erkinligining hosilasi sifatida qarash unchalik to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Odil sudlov samaradorligi o‘zaro bir-birini taqozo etuvchi juda ko‘p omillarga bog‘liq. Jumladan, odil sudlovni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmi qanchalik takomilashganligiga, sudning davlat hokimiyati boshqa organlari bilan munosabati holatiga bog‘liq bo‘ladi. Demokchimizki, sud hokimiyatining tom ma’nodagi mustaqligini ta’minlashda davlat hokimiyati tizimining muhim tarmog‘i bo‘lgan qonun chiqaruvchi hokimiyat bilan o‘zaro munosabatlarini zamon talablari darajasida tashkil etish lozim. Chunki, mamlakatda qonun chiqaruvchi hokimiyat sohibi bo‘lgan - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi mamlakatimiz sud hokimiyati tizimining qonunchilik asoslarini ishlab chiqadi, uni shakllantirishda bevosita ishtirok etadi hamda tegishli qonunlarni qabul qiladi. Sud hokimiyati esa o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlaydi, parlament qonun ijodkorligida ishtirok etadi, inson huquq va erkinliklarini himoya qiladi. Prezident ta’biri bilan aytganda, сuдларniнг asosiy vazifasi - adolatni qaror toptirish. Qolaversa, davlat hokimiyatining bu ikki mustaqil tarmog‘i o‘zaro munosabatlari davlat hokimiyatining samarali amalga oshirilishida va davlat hokimiyati tizimida mutanosib hamda barqaror muvozanatni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, bular o‘rtasidagi samarali hamkorlikni ta’minlamasdan turib, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bo‘lgani kabi qonun ustuvorligini ta’minlashda va inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda kutilgan natijalarga erishib bo‘lmaydi. 

Mamlakatimiz sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. U tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy va O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiydir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 136-moddasida belgilanganidek, “Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar daxlsizdir. Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobotdor bo‘lmaydi. Aynan shuning uchun ham yuqoridagi yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan – “So‘nggi yillarda sudlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirildi. Lekin sudyalarni majlisga chaqirish, ularga vakolatiga kirmaydigan vazifalarni yuklash holatlari ham uchrab turgani qayd etildi”. 

Shu o‘rinda sudyalarga ayrim cheklovlar faqat konstitutsiyaviy darajada o‘rnatilganligini unutmaslik kerak. Masalan, sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, sudyalar siyosiy partiyalarning a’zosi bo‘lishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa biron-bir faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Sudyalarning maqomini konstitutsiyaviy darajada belgilanishi zamirida, Prezidentimiz ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, sudlar tom ma’nodagi “adolat qo‘rg‘oni”ga aylanishlari kerak. Ushbu tamoyilni amaliyotga tadbiq etish maqsadida Konstitutsiyaning 135-moddasi yangi tahrirda berilgani bejiz emas. Unda, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.

E’tibor bergan bo‘lsangiz keyingi yillarda sudyalikka nomzodlarni tanlash va lavozimga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining muhim organi - O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining faoliyati muntazam ravishda takomillashtirilmoqda.

Uning zimmasiga sudyalik lavozimlariga nomzodlarni eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan tanlov asosida tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek rahbar sudyalik lavozimlariga nomzod tavsiya etish orqali sudyalar korpusini shakllantirish; sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashuvdan samarali himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish va boshqa qator vazifalar yuklatildi.

Eng muhimi, sudyalar mustaqilligini tom ma’noda ta’minlashning muhim sharti bo‘lgan, ularni vakolat muddatini yangi tartibi joriy qilindi. Bugungi kunda xalqaro tajriba inobatga olingan holda sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi tartib joriy qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining alohida maqomi e’tiborga olinib, uning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi. Bularning barchasi sudlar mustaqilligini tahminlash borasida qilinayotgan ishlar sarasiga kiradi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga asosan, sud hokimiyati davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i sifatida konstitutsyaviy darajada o‘z o‘rnini topgan. Ushbu maqom sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi hokimiyat bilan o‘zaro munosabatlarini tahlil qilish zaruratini va uni yanada takomillashtirishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini kun tartibiga qo‘yadi. Ayniqsa, bugun shiddat bilan olib borilayotgan islohotlar jarayonida davlat hokimiyati tarmoqlarini o‘zaro munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish juda muhimdir. Chunki, davlat hokimiyati tizimi bo‘linishi prinsipi - bu hokimiyatlar vakolatlarni teng taqsimlab olishi emas, balki davlat hokimiyatini boshqarishda bir-birlarini vakotalarini o‘zlashtirib olmaslik, aksincha, hamkorlikda faoliyat yuritishlari tushuniladi.

Mamlakatimizda parlament va sud hokimiyati faoliyatiga oid qonun hujjatlarida ularning huquqiy maqomi bo‘yicha belgilangan normalar tahlilidan ko‘rish mumkinki, ularning o‘zaro munosabatlarining shakli va yo‘nalishlari turlicha. Ularning eng muhimlari qatorida parlament tomonidan sud hokimiyati organlari va vakolatlarining belgilanishi, parlamentning yuqori palatasi - Senat tomonidan Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud a’zolarini saylanishi; sud hokimiyatining qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi, Konstitutsiyaviy sud tomonidan qonun chiqaruvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash; konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tarkibida uning normal faoliyatini tahdidga soladigan, hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoxud u bir necha marta Konstitutsiyaga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda, Prezident tomonidan Oliy Majlisni tarqatib yuborilishida Konstitutsiyaviy sudning ishtiroki; Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud raislarining ishtirok etishi; Konstitutsiyaviy sud ishlari yuritilayotganda Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat raisining ishtiroki va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ustuvorligini ta’minlashda mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudining alohida o‘rni borligini e’tirof etish zarur. Bu Konstitutsiyaviy sudning alohida maqomga ega sud hokimiyati ekanligini ko‘rsatadi. Masalan, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi; konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi.

Konstitutsiyaviy sud yuqoridagi vakolatlarni amalga oshirish barobarida Konstitutsiya ustuvorligi ta’minlaydi va ayrim normativ-hujjatlarda uchrashi mumkin bo‘lgan, aniqrog‘i kelib chiqishi mumkin bo‘lgan korrutsiya holatlarini ham oldini oladi.

Konstitutsiyaviy sudning hujjati rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi, Konstitutsiyaviy sud chiqargan hujjatning o‘ziga xos jihati shundaki, u qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.

Shuni alohida ta’kidlash joiz, Konstitutsiyaviy sudning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Oliy Majlis palatalari qarorlari ustidan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirishi, ya’ni ularning Konstitutsiyaga mosligini aniqlash vakolati bilan ta’minlanganligi davlat hokimiyati tizimida muvozanatni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlashning muhim vositasi ekanligidan kelib chiqqan, desak xato bo‘lmaydi.

Konstitutsiyaviy nazorat instituti aksariyat demokratik davlatlarda amal qiladi va u dastlabki (qonun kuchga kirmay turib) yoki keyingi (qonun kuchga kirganidan keyin) shakllarda amalga oshirilishi mumkin.

So‘nggi yillarda Davlat rahbari tashabbusi bilan olib borilgan konstitutsiyaviy nazorat institutini takomillashtirishga oid islohotlar natijasida hali kuchga kirmagan qonun hujjatlarini Konstitutsiyaga muvofiqligini ko‘rib chiqish amaliyoti ham qonunchilikda joriy qilindi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 133-moddasi, 2-bandiga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi. Demak, bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi normativ-huquqiy hujjatlarni ham dastlabki, ham keyingi shaklda Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash vakolatiga ega bo‘ldi.

Yuqorida sudlar mustaqilligini ta’minlash borasida olib borilgan islohotlar ko‘lami juda keng. Biroq shunday bo‘lsada bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar oz emas.

Qolaversa, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishidan xulosa qiladigan bo‘lsak, sudlar mustaqilligini ta’minlash shaxsan mamlakat Prezidentning nazoratida ekanligi va bu boradagi islohotlar kelgusida ham izchil davom etaveradi. Maqsad, inson qadrini ulug‘lash, insonni rozi qilish qolaversa, ularni konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini munosib ta’minlashdir.

ABDUMANNOB RAXIMOV,

RAXAT ISMAYLOV,

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudi 

sudyalari