FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyat sudi binosida barcha sudlar sudyalari ishtirokida davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
[gallery-11132]
Tadbirda asosiy e’tibor tizimda korrupsiyaning barvaqt oldini olishga qaratildi. Shuningdek, vakolatni imtiyoz deb bilgan ayrim soha xodimlarining ayanchli taqdiri haqida ro‘y-rost, aniq misollar asosida ma’lumot berildi. Insonning kamoli va zavoli o‘rtasida masofa bir qadam ekani va halollik vaksinasining ildizi ma’naviyatga borib taqalishiga urg‘u berildi.
– Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida jamiyatda qonun ustuvorligini barqaror ta’minlash birinchi galdagi vazifa ekani ma’lum, - deydi viloyat sudining raisi Sh. Kamolov. - Bu esa inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga mas’ul kasb egalari bo‘lgan sudyalardan professional layoqatdan tashqari, professional halollikni ham talab qiladi.
Tadbir so‘nggida Sudyalar oliy kengashi buyurtmasi asosida suratga olingan “Pushaymon” qisqa metrajli filmi ishtirokchilar e’tiboriga namoyish etildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA