Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud tizimi faoliyati xususidagi ayrim fikrlarga oydinlik kiritildi
12:25 / 2020-07-07

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur, ushbu tadbirga Oliy sud rahbariyatining ishtiroki, shuningdek, noqonuniy qurilishlarga nisbatan koʻrilayotgan qonuniy chora-tadbirlar ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokama qilinmoqda.

OLIY SUD BAYONOTI

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur, ushbu tadbirga Oliy sud rahbariyatining ishtiroki, shuningdek, noqonuniy qurilishlarga nisbatan koʻrilayotgan qonuniy chora-tadbirlar ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokama qilinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bu fikr-mulohazalarga hurmat bilan yondashgan holda sud tizimi faoliyati xususidagi ayrim noxolis va asossiz fikrlarga oydinlik kiritishni lozim topdi.

Bunday asossiz tanqidlar baʼzi hollarda odob-axloq meʼyorlaridan chetga chiqib, hatto jamiyatning faol aʼzolari, xususan, deputat maqomidagi insonlar tomonidan ham bildirilayotgani masalaga shunday yondashishni taqozo etadi.

Avvalo, shuni taʼkidlash kerakki, Boʻstonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur tashkilotchisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi emas. Ayni tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad aholiga xolis va haqqoniy axborot yetkazish, bu jarayonda noqonuniy qurilmalarni buzish yuzasidan Oliy sud sudyalari tomonidan qabul qilingan sud qarorlariga tushuntirish berish boʻlgani bois Oliy sud rahbariyati tashkilotchi - ishchi guruhining, press-tur ishtirokchilari boʻlgan jurnalist va blogerlarning qatʼiy talabiga koʻra, ishtirok etish haqidagi taklifni (yanayam aniqrogʻi, xabarni) qabul qildi.

Qolaversa, sud hujjatlariga tushuntirish berish sudning toʻgʻridan-toʻgʻri vakolatiga kiradi. Shunga qaramay huquqiy tushuntirishlarni goʻyoki sud organi ijroiya hokimiyatiga “advokatlik qilish” tariqasida talqin qilib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urish, yumshoq qilib aytganda, masʼuliyatsizlik va “oq”ni “qora” deyishdan boshqa narsa emas.

Ikkinchidan, Boʻstonliqdagi ayrim qurilmalarni buzishga oid nizolar oʻsha joyning oʻzida, yaʼni sayyor sud majlislarida koʻrib chiqilmoqda.

Aslida sayyor sud majlislari tomonlarga qulaylik yaratish maqsadida tashkillashtiriladi. Biroq oʻtkazilgan sayyor sud majlislari mohiyatini toʻgʻri tushunmay, keng jamoatchilikka sudyalarni goʻyoki “hasharga kelgan shaxs” sifatida talqin etishni bir tomondan, huquqiy savodsizlik, ikkinchi tomondan, sud obroʻyiga putur yetkazishga urinish, deb baholash mumkin.

Uchinchidan, nizolarni birinchi instansiyada Oliy sud tomonidan koʻrib chiqilayotgani – sud qarorlariga nisbatan tomonlarning shikoyat berish huquqini cheklamaydi va bu press-tur jarayonida masʼul shaxslar tomonidan alohida qayd etilgan.

Nihoyat, toʻrtinchidan, amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibga rioya qilmasdan egallab olingan yer uchastkalari va bajarilgan qurilishlarni buzishdan oʻzgacha tartib belgilanmagan. Sud qarorlari asosida buzilishi belgilangan qurilmalarga oid hujjatlar qalbakilashtirilgani, buning ortidan oʻnlab shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, bir qancha shaxslar hibsga olingani inkor etib boʻlmaydigan faktdir.

Eng qiziq tomoni shundaki, bevosita press-turda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan eʼtiroz bildirilayotgani yoʻq. Aksincha, ushbu tadbirda ishtirok etmagan shaxslar tomonidan koʻr-koʻrona masala mohiyati notoʻgʻri talqin qilinayotgani kishini taajjubga soladi.

Yana bir gap, sud qarori bilan buzilishi belgilangan imoratlarning birontasi odam yashayotgan xonadon emas, balki aksariyati qurib bitkazilmagan qurilmalar, bitkazilgani ham dala hovlilarni tashkil etadi.

Ushbu qurilmalar qalbaki hujjatlar asosida 2019-yilning oxiriga kelib qurib boshlanganiga shubha-gumon bilan qaraganlar “Sil kasalliklari sihatgohi”ga tegishli yerni talon-taroj qilinishiga panja orqasidan qarayotgan muassasa rahbari yoki oʻzi ham oʻzboshimchalik bilan uy qurib olgan mahalla raisidan soʻrab yurmasdan, jinoyat ishi hamda fuqarolik ishi materiallari bilan tanishib chiqishsa, binolar qachon qurilganini aniq bilmoqchi boʻlganlar nizoli yer maydonining internet tarmogʻining “google maps” tizimi orqali aniqlashi mumkin (press-turda Oliy sud rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga planshetda koʻrsatilgan yilma-yil maʼlumot).

Eng afsuslanarli jihati shundaki, batafsil soʻrab-surishtirmasdan, masalani har tomonlama oʻrganmasdan keng jamoatchilikka notoʻgʻri va noxolis maʼlumot berilayotgani va ularda norozilik kayfiyatini yuzaga keltirilayotganidadir.

Oliy sud tomonidan ushbu bayonotni berishdan maqsad kimlar bilandir matbuotda tortishish, bahs-munozaraga kirishish emas, balki haqiqiy holatni koʻrsatishdan iboratdir.

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy sudi matbuot xizmati