O‘z konstitutsion huquqlari himoya qilinishini istayotgan har bir fuqaro mamlakatdagi adolat qo‘rg‘oni hisoblanmish sudlarga tayanadi.
Bugungi kunda esa sud jarayonlarida “inson qadri uchun” tamoyili asosida inson huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq hamda erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, odamlarning huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lida yangi islohotlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan muhim va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida, joriy yilning 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.
Ushbu muhim hujjatga asosan 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibini joriy etish belgilandi.
Xorijiy tajribada o‘z samarasini ko‘rsatgan mazkur amaliyotning respublikamizda joriy etilishi mamlakatimiz sud-tergov amaliyotidagi muhim bosqich bo‘ldi.
Farmon bilan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini kiritish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqat apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibini belgilash, tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini berish, tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibini saqlab qolish belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida har bir insonning shaxsiy hayotining daxlsizligi mustahkam qilib belgilab qo‘yilgan. Har kimning sir saqlanishi lozim bo‘lgan yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari kabi huquqlarining cheklanishi faqat sudning sanksiyasi orqali amalga oshirilishi mustahkamlanmoqda.
Tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan, sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.
a) quyidagilar bo‘yicha sanksiyalar berish bilan bog‘liq sakkizta:
-qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;
-qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma;
-pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
-murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
-pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
-tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;
-telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
-mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish vakolatlari.
Bundan tashqari, b) quyidagi to‘rtta majburlov choralari bilan bog‘liq iltimosnomalarni ko‘rib chiqishi vakolatlari berilmoqda:
-ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
-shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
-ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;
-ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma.
Shuningdek, v) prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqish vakolati ham berilmoqda.
Farmon bilan Tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025-2027 yillar uchun ajratiladigan qo‘shimcha shtat birliklari hisobidan shakllantirish belgilangan.
Ushbu yo‘ldagi muhim omillardan biri, ya’ni tergov sudyasiga yuklatilgan vazifalarni adolatli va xolisona bajarish, qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan samarali himoya qilish tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilab berildi.
Tergov sudyasi o‘z faoliyatini qonunda belgilangan tartibda mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq, amalga oshirilib, tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislari tomonidan amalga oshiriladi.
Tergov sudyalari faoliyatining joriy qilinishi mamlakatimiz sud-huquq tizimining rivojlanishidagi ahamiyatga ega bosqich bo‘lib, mazkur bosqich tizimning samarasini oshirish bilan bir qatorda adolatli jamiyat qurish yo‘lida muhim sanaladi.
Shuningdek, ushbu farmon inson huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq hamda erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Abduqayum Mahkamov,
Qashqadaryo viloyat sudining raisi.
O‘zA