Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonunda sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashuv uchun javobgarlikni aniqlashtirish, sud binosida tartibni buzish holatlariga nisbatan ma’muriy choralar belgilash, shuningdek soliq organlari ishtirokidagi ayrim soliqqa oid nizolarni ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazish nazarda tutilgan.
Biroq qonunda ayrim qayta ko‘rib chiqilishi hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqlashtirilishi lozim bo‘lgan normalar mavjud. Xususan, taklif etilayotgan normalar ma’muriy sud ishlarini yuritishga oid amaldagi protsessual qoidalar bilan uyg‘un emas. Bu esa, sud amaliyotida huquqiy noaniqlik, turlicha yondashuvlar va nizolar yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Senatorlar bu qonun ustuvorligi (rule of law) va sud mustaqilligi (judicial independence) kabi umume’tirof etilgan xalqaro huquqiy standartlar, shuningdek, sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadlariga zid ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari, qonunni tayyorlash jarayonida qonun ijodkorligiga oid belgilangan tartib-taomillarga to‘liq rioya etilmagan.
Muhokamalar yakunida qonunni taqdim etilgan tahrirda ma’qullash maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelingani bildirildi.
Qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA