French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud sohasidagi islohotlar yuzasidan muloqot o‘tkazildi
21:12 / 2025-09-26

Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari N. Hakimova, Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov, Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari A.Usmanov ishtirokida sud sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda odil sudlov samaradorligini oshirish maqsadida sudyalar hamjamiyatining vakillari bilan muloqot o‘tkazildi.

Sudyalar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda qayd etilganidek, adolatli sud tizimini yaratish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy beshta ustuvor yo‘nalishning biri bo‘lib, islohotlarda muhim o‘rin tutadi. 

Shuningdek, muloqotda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan odil sudlov sohasidagi eng namunali xorijiy tajribalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani alohida e’tirof etildi. 

Tadbirda sud tizimi – jamiyatda qonuniylik va adolat ustuvorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi ta’kidlanib, ushbu sohadagi ustuvor yo‘nalishlar, xususan, inson huquqlarini ta’minlash, shaffoflik va javobgarlik tamoyillariga asoslangan islohotlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Shu o‘rinda bugungi kunda ayol sudyalar ulushi bo‘yicha respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichi 15 foizni tashkil etib turgan bir paytda, faqatgina Qoraqalpog‘istonda Gender strategiyasida belgilangan maqsadga erishilib, ayol sudyalar ulushi 38 foizdan oshganligi, bu mamlakatimiz bo‘yicha eng yuqori ijobiy ko‘rsatkich ekanligi e’tirof etildi. Qoraqalpog‘istonning bu boradagi tajribasini boshqa hududlarga namuna sifatida ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan so‘nggi bir oy ichida qabul qilingan tarixiy farmonlardan kelib chiqadigan ustuvor maqsadlarga erishish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar va chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tildi. Qayd etilishicha, islohotlar doirasida 2030 yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida 9 ta yangi sud binosini qurish, mavjud binolardan 11 tasini rekonstruksiya qilish, 2 tasini kapital ta’mirlash rejalashtirilmoqda.

Tadbirda sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sudyalarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, har bir sudya qonun va jamiyat oldidagi yuksak mas’uliyatini anglashi, halollik, rostgo‘ylik va kasbiy vijdoniylik namunasi bo‘lishi lozimligi, korrupsiyaga qarshi kurash har bir sudyaning o‘z-o‘zini anglashidan boshlanishi kerakligi qayd etildi. Buning uchun doimiy ravishda bilimlarni oshirib borish, huquqiy tafakkurni chuqurlashtirish va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash g‘oyat muhimligi ta’kidlandi. 

Bundan tashqari, muloqotda odil sudlov sifatini yaxshilash, sudyalarning intizomi va mas’uliyatini yanada oshirish, sud amaliyotini takomillashtirish masalalari yuzasidan hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida fikr almashinildi. Shu bilan birga, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili” da ekologiya va atrof-muhitni asrash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar va jinoyatchilik bilan kurashishda jazo muqarrarligi va qonun ustuvorligini ta’minlash, sud jarayonlarining tarbiyaviy ahamiyatini kuchaytirish, shuningdek, jamiyatimizda zo‘ravonlik, voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinoyatlar, giyohvandlikka qarshi murosasiz kurashish borasida qat’iyatli bo‘lish muhimligi qayd etildi.

Sudyalar ham o‘z faoliyatlarida uchrayotgan qonunchilikdagi muammolar yuzasidan bir qator amaliy taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, tadbirda sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish lozimligi, bu esa jamiyatning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashning muhim sharti ekanligi ta’kidlandi.

Ishchi guruh a’zolari shahar va tuman sudlarida bo‘lib, ulardagi sudya va xodimlar, shuningdek fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Sud binolari zamonaviy va har tomonlama talabga javob berishi lozimligi haqida mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri