Sud qarorlari va boshqa ijro hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda, Navoiy viloyatida Majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi bilan e’tiborga molik. Joriy yilda viloyatda jami 358 ming 512 ta ijro hujjati bo‘yicha 4 trillion 281 milliard so‘mlik ijro harakatlari olib borilgan. Ushbu ko‘rsatkichning o‘ziyoq ijro organlari zimmasiga tushayotgan yuklamalar yil sayin oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ijro intizomi ta’minlanishida muayyan ijobiy siljishlar ham kuzatilmoqda.
Tahlil shuni ko‘rsatadiki, undirilgan mablag‘larning katta qismi davlat foydasiga yo‘naltirilgan. Bu, ayniqsa, soliq qarzdorligini undirishda sezilarli samara berilgani bilan izohlanadi. Mazkur yo‘nalishda 522 milliard so‘m mablag‘ amalda undirilgan. Bu esa davlat byudjeti barqarorligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Byuro tomonidan ijtimoiy yo‘nalishdagi ijro ishlari ham olib borilgan. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalariga 48,1 milliard so‘m o‘tkazilgani, o‘tgan yilga nisbatan 14 milliard so‘mlik o‘sish qayd etilgani ijro organlari faoliyatining aholi turmush darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini anglatadi.
Aliment masalalarida erishilgan natijalar esa ijtimoiy barqarorlik nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega. Jumladan, yakunlangan 2025 yilda 164 milliard so‘mdan ziyod aliment mablag‘larining undirilishi, 530 ga yaqin oilaning yarashtirilishi va 500 nafardan ziyod ishsiz aliment to‘lovchining bandligi ta’minlanishi faqat moliyaviy emas, balki ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga yil boshiga nisbatan ijro hujjatlari qoldig‘ining 17 ming 970 taga, summa jihatdan esa 150 milliard so‘mga oshgani ijro tizimiga kelib tushayotgan hujjatlar oqimi hanuz yuqori ekanini anglatadi. Ayniqsa, kommunal tashkilotlar foydasiga undirish bilan bog‘liq ijro ishlarining muayyan qismi hali ham ijro jarayonida ekani sohaga qo‘shimcha chora-tadbirlar zarurligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 2 yildan ortiq muddat ijrosi ta’minlanmagan sud qarorlarining 79 foizi tamomlangani ijobiy hol bo‘lsa-da, qolgan ijro hujjatlari bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Bu esa uzoq muddatli ijro ishlarini qisqartirish bo‘yicha yanada ta’sirchan mexanizmlar joriy etish zarurligini ko‘rsatadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA