Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud qarorlari asosida 775 fuqaro ishga tiklandi
14:26 / 2020-01-23

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 2019 yilda ko‘rib chiqilgan 188 ming 282 ishdan 4 ming 233 tasi mehnat nizolariga oid bo‘lgan.


Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 2019 yilda ko‘rib chiqilgan 188 ming 282 ishdan 4 ming 233 tasi mehnat nizolariga oid bo‘lgan.

Ishga tiklashni so‘rab 1 ming 964,ish haqini undirishni so‘rab 1 ming 279 kishi sudga murojaat qilgan. Shundan 775 fuqaro sud qarori asosida ishga tiklangan. 873 xodimning ish haqi undirib berilgan.

Bu raqamlar esa hanuz ish beruvchilar tomonidan xodimlarning mehnat huquqlari buzilayotganligini ko‘rsatadi. Bunga ko‘p hollarda ayrim tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlarining amaldagi mehnat qonunchiligi talablarini bilmasligi sabab bo‘lmoqda.

Oliy sudda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan “Mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar” bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq muloqot shu haqda so‘z yuritildi.

Oliy sudi raisining o‘rinbosari X.Yodgorov sudlar tomonidan ko‘rilgan mehnat huquqi bilan bog‘liq ishlar yuzasidan mulohazalarini bildirish bilan birga kelgusida bunday holatlar, ya’ni ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat huquqlari buzilishining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Sud tomonidan qator choralar belgilangan, xususan, ish beruvchi hamda xodimlar uchun qo‘llanma tayyorlangan. Kadrlar bilan ishlovchi xodimlarning malakasini oshirish, kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda mehnat qonunchiligi buzilishining oldini olish borasida keng qamrovli ishlar olib borilishi rejalashtirilayotir.

Tadbirda jurnalistlarning e’tibori aholini mehnat qonunchiligi bilan tanishtirib borishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.

Oliy sud sudyalari ishtirokchilarga mehnat nizolarining sudga taalluqliligi, sudga murojaat qilish muddatlari, mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari va tartibiga oid masalalarda amaldagi Mehnat kodeksi talablarini tushuntirdi.

Ishtirokchilarga Oliy sud tomonidan tayyorlangan “Mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar” nomli amaliy qo‘llanmalar taqdim etildi.