Mansabdor shaxslar tomonidan sud qarorisiz shaxsni mulk va mulkiy huquqlardan mahrum etish yoki mulkdorga ulardan voz kechishga qaratilgan har qanday jismoniy, ruhiy yoki boshqa shakldagi majburlov choralari qo‘llash mumkin emas.
Bu borada tazyiq o‘tkazish yoxud mol-mulkni tasarruf etishga doir asossiz talablarni qo‘yish xususiy mulk huquqini erkin amalga oshirishga aralashish va daxlsizligini buzish, deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mulkiy huquqlariga nisbatan “Xabeas korpus” institutini joriy etish belgilandi. Unga ko‘ra, surishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlari ko‘rib chiqish uchun sudga kiritiladi.
Bu Prezidentimizning 2022 yil 24 avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy etilgan juda muhim o‘zgarishlardir.
Farmonda sudlarga mulk huquqining daxlsizligini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator vazifalar ham yuklatildi. Jumladan, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab sud tomonidan turar joyga nisbatan insofli egallovchi deb topilgan jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni unga nisbatan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab uch yil o‘tgach natura shaklida talab qilib olish tartibi bekor qilindi.
Sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan mansabdor shaxslarning noqonuniy deb topilgan qarorlari natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar, shuningdek, sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari tufayli yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyon 2023 yil 1 yanvardan boshlab respublika va hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Mulk huquqi daxlsizligi buzilishining oldini olish, buzilgan holatlarda mulkdorning huquqini tiklash, adolatni qaror toptirishda sudlarning roli shu tariqa oshirildi.
Zero, Konstitutsiyamizning 53-moddasida ham xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi hamda mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina sud qarori bilan mulkidan mahrum etilishi mumkinligi mustahkamlangan.
Mulk huquqi himoyasi kuchaytirilgani mulkdorlarning manfaatini ta’minlashga, ertangi kunga ishonchi oshishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, sudlarning mulkdorlar huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qiluvchi institut sifatidagi ahamiyati oshirildi.
B.RAHIMOV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi sudyasi.
O‘zA