Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda oilaviy nizolar bilan bog‘liq o‘tgan yilda 134 mingdan ortiq ish ko‘rilgan. Ajrashish yoqasiga kelib qolgan 5 ming 235 oila yarashtirilgan.
Mehnat nizolariga oid 14 mingdan ortiq da’vo ariza ko‘rilib, ularning 59 foizi qanoatlantirilgan. Bu toifadagi ishlar soni oldingi yilga nisbatan 8,5 foizga ko‘paygan.
Sud qarori bilan ishga tiklangan shaxslar foydasiga 155 milliard so‘m majburiy progul vaqti, to‘lanmagan ish haqi va zararlar undirilishiga to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiy sudlar tomonidan 691 ming ish ko‘rilgan. 73 mingdan ortiq ish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari manfaatida qarorlar chiqarilgan. Ularning foydasiga 10,8 trillion so‘mga yaqin miqdoridagi mablag‘ undirish belgilangan.
Investitsiyaviy nizolarga oid 144 ish ko‘rilib, ularning 61 foizi qanoatlantirilgan. Investorlarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari sudlar tomonidan tiklangan.
3 ming 755 ish sudlarda taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzish orqali yakunlangan. Bu bilan tadbirkorlarning ortiqcha vaqt va sarf-xarajatlari oldi olingan.
[gallery-27481]
Ma’muriy sudlar tomonidan qariyb 17 ming 714 ishdan 39,5 foizi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklangan. Davlat boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy qarorlari bekor qilingan.
Bu raqamlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida 2025 yilda sudlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
N.Abduraimova,
A.Alijonov (surat), O‘zA