Yangiyer shahar adliya bo‘limiga fuqaro M.B. tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida uzoq muddat yashaganlik faktini belgilashda amaliy yordam so‘rab murojaat kelib tushdi.
Murojaat belgilangan tartibda qabul qilib, qonunchilik talablari asosida atroflicha o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida fuqaro M.B. Tojikiston Respublikasida tug‘ilgani, millati o‘zbek ekani hamda 1997-yilda O‘zbekiston Respublikasiga ko‘chib kelgani aniqlandi. Shu vaqtdan buyon u Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida doimiy ravishda istiqomat qilib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
– Mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan taqdim etilgan dalolatnomalarda fuqaroning ko‘p yillardan buyon mahalla hududida yashayotgani, “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgani, shuningdek, xo‘jalik kitoblarida tegishli tarzda qayd etilgani ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan tashqari, ichki ishlar organlari tomonidan unga doimiy yashashga ruxsatnoma berish yuzasidan tegishli xulosa rasmiylashtirilgani ham tasdiqlandi, – deydi Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Javohir Komilov.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, o‘zini O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish to‘g‘risida murojaat qilgan shaxs ariza topshirgan kunga qadar mamlakat hududida kamida o‘n besh yil doimiy yashagan va ushbu davr mobaynida boshqa davlat fuqaroligida bo‘lmagan bo‘lsa, u O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinadi.
– Fuqarolik masalalarini hal etish jarayonida ayrim holatlarda shaxsning mamlakat hududida doimiy yashaganlik faktini sud tartibida aniqlash talab etiladi. Shu munosabat bilan to‘plangan hujjatlar va dalillar asosida Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi, – dedi Javohir Komilov.
Sud ishni har tomonlama, xolis va qonuniy asosda ko‘rib chiqdi. Taqdim etilgan dalillar, rasmiy ma’lumotlar va guvohlik ko‘rsatmalari o‘rganilib, fuqaro M.B.ning O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaganlik fakti sud qarori bilan tasdiqlandi hamda unga O‘zbekiston Respublikasi fuqorasi ekanligi to‘g‘risidagi muhim xujjat taqdim etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA