O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mas’ul xodimi Chorixon Qodirov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, belgilab qo‘yilgan tartibga ko‘ra, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining haq-huquqlarini himoya qilish uchun sudlarga boj to‘lamasdan arizalar kiritib himoya qilish, mahalliy hokimlarning haqiqiy bo‘lmagan qarorlariga nisbatan sudlarga da’vo arizalari kiritish yo‘li bilan ham ularning haq-huquqlarini himoya qilish kabi huquqlar berilgan.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining moddiy-texnika ta’minoti va kengash tizimi xodimlarining ish haqi fermer xo‘jaliklarining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zoligi badallari hisobidan amalga oshirilib kelinmoqda.
O‘tgan 2021 yilda fermer xo‘jaliklaridan kelib tushgan a’zolik badallari 60 milliard 799 million so‘mni tashkil etib, shundan 36 milliard 536 million so‘mi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kengashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga hamda 20 milliard 500 million so‘mi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining malakasini oshirish uchun o‘qishlar tashkil etish, ularni taqdirlash va turli tadbirlar, targ‘ibot materiallari uchun sarflangan.
Kengash tomonidan 2017-2021 yillar davomida 26 ming 191 ta fermer, dehqon ho‘jaliklari manfaatlarini ko‘zlab sudlarga da’vo arizalar kiritilib, 950 milliard 171 million so‘m mablag‘lar fermer, dehqon xo‘jaliklari foydasiga undirib berildi. Qolgan qismi esa talabnomalar orqali undirib berildi.
Shuningdek, kengashlar tomonidan sudlarga da’vo arizalari kiritilishida davlat boji to‘lashdan ozod etilganligi munosabati bilan fermer, deqon xo‘jaliklarining 69 milliard 263 million so‘m mablag‘i tejab qolindi. Kengash tashabbusi bilan so‘nggi 5 yil davomida 83 ming 407 ta ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tashkil etilib, 205 ming 440 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Kengashlar huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan 41 mingdan ortiq paxtachilik va g‘allachilik fermer xo‘jaliklariga bepul buxgalteriya xizmatlari ko‘rsatilib, natijada fermer xo‘jaliklarining byudjetga to‘lanadigan soliq to‘lovlari 3-4 barobarga oshirildi.
Kengash huzuridagi Jamg‘arma tomonidan suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish quduqlarini burg‘ulash va ishga tushirish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 63 milliard 547 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratib berildi.
Muhayyo TOSHQORAEVA, O‘zA