Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud mustaqilligini ta’minlash, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirishning ustuvor maqsadlari belgilandi
09:43 / 2025-12-03

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, quyidagilar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirishning ustuvor maqsadlari etib belgilandi: 

a) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini va sud mustaqilligiga oid ilg‘or xalqaro standartlar keng joriy etilishini ta’minlash; 

b) sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash; 

v) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish; 

g) sud tizimida gender tenglikni ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish qayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish. 

Sud mustaqilligiga oid ilg‘or standartlarni joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi belgilanadi. 

Tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga ko‘ra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibi o‘rnatiladi.

Sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda "halollik", "kasbiy layoqatlilik" va "sudyalik odobi qoidalariga rioya etish" talablarining aniq mezonlari qonun darajasida belgilanadi. 

Kengash va Oliy sudning Kengash tarkibini shakllantirish tartibini sudyalar hamjamiyati organlarining ishtirokini oshirish orqali yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilar amalga oshiriladi: 

a) Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hay’atlari tomonidan tavsiya etiladi. Bunda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi mumkin; 

b) Kengashning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi a’zolari tarkibiga nomzodlar huquq sohasidagi ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan tavsiya etiladi. 

Farmonga muvofiq, Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari tarkibi quyidagi sud sudyalari orasidan shakllantirish tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan: 

a) Oliy suddan - ikki nafar sudya; 

b) viloyat darajasidagi sudlardan - yetti nafar sudya; 

v) tumanlararo, tuman, shahar sudlaridan -to‘rt nafar sudya. 

2025 yil 15 dekabrga qadar Kengashning rasmiy veb-saytida: 

a) sud tizimida mavjud bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid ma’lumotlar hamda ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi; 

b) sud tizimida sudyalik lavozimlari, shu jumladan, rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash hamda tayinlash bo‘yicha barcha bosqichlarga oid ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. 

Kengash faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va o‘rganish jarayonini raqamlashtirish maqsadida: 

a) sudyalik lavozimlariga nomzodlardan ortiqcha ma’lumotlar talab etilishiga chek qo‘yish maqsadida "Raqamli hukumat" tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi Kengashning axborot tizimi bilan to‘liq integratsiya qilinadi; 

b) sudyalar faoliyati samaradorligini baholashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi; 

v) sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha sudyaning kasbiga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dasturni takomillashtirish choralari ko‘riladi; 

g) Kengash majlislarida yopiq ovoz berish va qapop qabul qilish jarayonlariga raqamli texnologiyalar joriy etiladi.

   O‘zA