Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud jarayonlari sun’iy ravishda cho‘zilmasligi lozim
11:06 / 2025-06-18

Jizzax viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tashabbusi bilan viloyat soliq boshqarmasi binosida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Jizzax viloyat soliq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat hududiy boshqarmalari hamda ishni tugatish bo‘yicha sud boshqaruvchilarining vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida asosiy e’tibor sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan qarzdorlarga oid ishlar ijrosining ortiqcha cho‘zilishi va ushbu jarayonda yuzaga kelayotgan muammolarga qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi sud qarori tugatishga doir ish yuritishni boshlashga asos bo‘ladi. Qonunga binoan, tugatish jarayonining umumiy muddati 12 oydan oshmasligi lozim. Faqat istisno hollarda, ishda ishtirok etuvchi tomonlar iltimosiga ko‘ra yoki sud tashabbusi bilan mazkur muddat 3 oygacha uzaytirilishi mumkin.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ayrim holatlarda   ishni tugatish bo‘yicha sud boshqaruvchilarining vakillari  tez-tez almashishi, ularning ish tajribasi va mas’uliyati yetarli darajada emasligi sababli tugatish jarayonlari sun’iy ravishda cho‘zilib, qonunda belgilangan muddatlar buzilmoqda. Bu esa nafaqat ish yurituvining samaradorligiga, balki davlat va tadbirkorlar manfaatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mavjud muammolar yuzasidan sud tomonidan tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga rasmiy taqdimnomalar kiritilib, sud boshqaruvchilari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat’iy vazifalar belgilangan.

Shuningdek, davra suhbatida muammolarni tizimli va o‘zaro hamkorlikda hal etish, tashkilotlar o‘rtasida samarali axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ishlarning har bir bosqichiga individual yondashuvni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Tadbir yakunida to‘lovga qobiliyatsizlik ishlarini tahlil qilish, uzoq davom etayotgan tugatish ishlarini jadallashtirish hamda ijro intizomini kuchaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari