Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud iste’molchi foydasiga 640 million so‘m undirib berdi
19:45 / 2023-09-14

Samarqand shahar hududida zamonaviy loyiha asosida uch qavatli bino qurilgan. Yangi bino qurilgani yaxshi, albatta. Lekin bu kimningdir manfaati, huquqi buzilishi hisobiga bo‘lmasligi kerak.

Mazkur bino qurilishi tufayli shahardagi Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida yashovchi fuqaro M.A.ga tegishli go‘sht do‘koni va muzlatgich joylashtirilgan xonasi buzilgan. 

Bino qurgan tadbirkor M.S. esa shu paytda go‘sht do‘koni egasiga buzilgan mulki hisobiga yangi imoratning birinchi qavati va yerto‘lasidan 45 kv.metrdan, jami 90 kv. metr qismini tovon tariqasida berish majburiyatini olgan.  

Ammo yangi bino bitgach, tadbirkor M.S. bergan va’dasini negadir unutib yubordi. U M.A.ga tovon tariqasida berilishi kerak bo‘lgan joyni boshqa shaxsga sotib yubordi.  

Buni ko‘rgan go‘sht do‘koni egasi uch yil davomida o‘zini aldab, sarson qilishganini tushunib yetgan. Shuncha vaqt mobaynida  tadbirkorlik faoliyati to‘xtab qolgani, ustiga - ustak joy ham berilmagani sabab u o‘z huquqi tiklanishi uchun kurashishga kirishdi.  

Fuqaro M.A. o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirishda amaliy yordam so‘rab Samarqand shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.  

Mazkur murojaat yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan Fuqorolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Ammo dastlabki sudda da’vo qanoatlantirilmagan.  

Mazkur ish bo‘yicha apellyatsiya shikoyati berilganidan keyingina qariyb bir yil mobaynida sakkiz marta ochiq sud majlisi o‘tkazilgan. Shunday sa’y-harakatlar natijasida murojaatchining uch yillik muammosi hal etilishiga erishildi.

Samarqand viloyati sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining ajrimiga ko‘ra, javobgar M.S. tomonidan fuqaro M.A.ga yetkazilgan barcha zararlar undirildi. Jumladan, 4 million so‘m ijara haqi, 616 million so‘mdan ziyodroq boy berilgan foyda, 20 million so‘m ma’naviy zarar hamda davlat foydasiga 25 million 630 ming so‘m davlat boji undirilishi to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA