So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va sud-huquq sohasida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, inson qadri va uning huquqlari kafolatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, “iymon huquqi, vijdon huquqi, adolat huquqi” kabi asosiy huquqlarni amalda ta’minlash bo‘yicha muhim natijalarga erishilmoqda. Shuningdek, oqlov hukmlari soni oshgani, noto‘g‘ri ayblovlar bekor qilinishi, qayta tiklash (reabilitatsiya) institutining faol qo‘llanilayotgani, vijdon erkinligi va mehnat huquqlarining tiklanishi insonparvar islohotlarning amaliy ifodasiga aylandi.
Ma’lumki, “iymon huquqi, vijdon huquqi, adolat huquqi” – davlat tomonidan qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan, erkinlik, tenglik va adolatni ifodalovchi qonuniy kafolatlardir. Sud hokimiyati esa davlatning adolatga xizmat qiladigan, mazkur huquqlarni ta’minlashga qaratilgan eng muhim funksiyalarni bajaradi.
Amaliyotda “mulk oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish” bilan bog‘liq nizolarda ko‘p hollarda da’vogarlar muayyan shaxslarga ishonib, mulkni ular nomiga rasmiylashtirgan bo‘lsa-da, pulini o‘z mablag‘laridan to‘lagani aniqlanmoqda. Ba’zan ayrim javobgarlar yoki ularga yaqin shaxslar mazkur mulkka qonun hujjatlariga asoslanmagan da’vo bilan chiqishmoqda, bu esa o‘zganing haqiga xiyonat sifatida namoyon bo‘ladi.
Bunday holatlar avvalo, “iymon huquqi, vijdon huquqi, adolat huquqi”ning buzilishiga olib keladi. Jamiyat har bir fuqaroning huquq va erkinligi boshqaning huquq va erkinligi boshlangan joyda tugashi haqida ogohlantiradi. Qonun esa adolatni ta’minlash vositasi sifatida ishlaydi.
Protsessual qonunchilikka ko‘ra, har bir taraf o‘z talab va e’tirozlarini dalillar bilan asoslashi shart. Sud ishni ko‘rib chiqar ekan, barcha dalillarni bevosita, har tomonlama va xolis tekshiradi. Aniq dalil bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan holatlar boshqa usul bilan tasdiqlanishi mumkin emas.
Adolat – har kimning shaxsiy tasavvuridan kelib chiqadigan tushuncha emas. U jamiyatda tartib, muvozanat va ishonchni mustahkamlaydigan, iymon va vijdonni oziqlantiradigan yuksak ma’naviy me’yordir. Agar adolatga munosabat turlicha bo‘lsa, maqsaddan chalg‘ish, ishonch susayishi, pirovardida esa vijdon huquqining buzilishiga olib keladi.
Shu bois, “iymon huquqi, vijdon huquqi” doim qonun ustuvorligi, haqqoniy adolat va odil sudlov bilan himoyalanishi, kuchli bilim, yuksak ma’naviyat bilan mustahkamlanib borishi zarur.
Protsessual normalarda sud har bir ishga barcha holatlarni jamlab, qonun talablariga amal qilgan holda, har taraflama, to‘liq va xolis baho berishi, bunda o‘z ichki ishonchiga tayanishini belgilab qo‘ygan.
Shu ma’noda, ichki ishonch asosida xulosa chiqaradigan sudya “iymon huquqi, vijdon huquqi, adolat huquqi”ning muhim himoyachisi bo‘lishi, bu huquqlarni doimiy ravishda ma’naviy va kasbiy jihatdan rivojlantirib borishi shart.
Nuriddin Murodov,
sudya, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi.