Joriy yilning 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnoma yo‘llanib, unda sud-huquq sohasidagi islohotlarni davom ettirilishi zaruriyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, uchinchi yo‘nalish sifatida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozim ekanligi qayd etildi.
O‘z chiqishida davlatimiz rahbari "...So‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ish qildik. Shu bilan birga, odil sudlovni ta’minlash bo‘yicha hali qo‘limiz yetib bormagan masalalar bor. Afsuski, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchramoqda. Bu masalalar, eng avvalo, Oliy sud raisi va Bosh prokurorni tashvishga solishi kerak. Nima uchun haligacha davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi ishga tushmadi? Kim bunga qarshi? Bu masalani alohida nazoratga olib, tez kunlarda ushbu tizimning to‘liq ishga tushirilishini ta’minlashimiz zarur", deb sud-huquq sohasidagi islohotlar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda advokatura institutini rivojlantirish, aholiga sifatli va bepul huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha jadal ishlar amalga oshirilmoqda. Aytib o‘tish kerakki, davlat hisobidan bepul yuridik yordam deganda, huquqiy maslahat va tushuntirishlar berish, huquqiy xususiyatdagi hujjatlar tuzish, sudlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda shaxs huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunda belgilangan tartib-taomillar va shartlar asosida bepul ko‘rsatiladigan huquqiy sohada amalga oshiriladigan yordam majmui hisoblanadi. Ta’kidlab o‘tish zarurki, so‘nggi 3 yilda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun byudjetdan 111,9 milliard so‘m sarflangan.
Shu bilan birga, davlat hisobidan bepul ta’minlanadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini joriy etish va ishga tushirish bugungi kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Murojaatnomada qayd etilgan yana bir muhim masala "...Sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi. Odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar beriladi. Nima uchun advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilmaydi? Bunday holatda tenglik haqida qanday gapirish mumkin? Endi sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinadi. Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi", deb ta’kidlab o‘tildi.
Darhaqiqat, qayd etish lozimki, advokatura konstitutsiyaviy-huquqiy institut sifatida alohida maqomga ega bo‘lib, uni yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki samarali odil sudlovni ta’minlashning ajralmas sharti mustaqil advokatura hisoblanib, sud protsessida qonuniy va adolatli sud qarori qabul qilinishida taraflar tortishuvi muhiti, ya’ni, advokat va prokuror o‘rtasida protsessual imkoniyatlar tengligi, sog‘lom bahs, muzokaraning ta’minlanishi nihoyatda muhimdir.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, 2022 yil 1 yanvar holatida respublika bo‘yicha 4 211 nafar advokat faoliyat yuritmoqda. Bu 8,5 ming aholiga o‘rtacha bitta advokat to‘g‘ri kelishini anglatadi. Bunday holat esa albatta, hozirda davlatimizda advokatlik korpusi yetarli emasligini ko‘rsatib, fuqarolarimizga malakali yuridik xizmat ko‘rsatish darajasini jiddiy oshirish zaruratini belgilaydi.
Shuningdek, jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoxud boshqacha tarzda bosim o‘tkazish, qiynoqqa solish, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llanishi yuzasidan "...Oxirgi paytlarda ayrim vaqtincha ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda. Bizning yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi. Shu bois, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi o‘rnatiladi. Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat. Bosh prokuror va Ichki ishlar vaziri bu haqiqatni har bir xodimiga yetkazib, ta’sirchan nazorat o‘rnatishi shart", deb ta’kidlab o‘tildi.
Darhaqiqat, aynan jinoyat protsessida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish masalasi juda muhim. Sababi, aynan jinoyat protsessida insonga asossiz jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilish xavfi katta. Shu sababdan ham jinoyat ishlari yurituviga mas’ul shaxslar, ya’ni sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shart. Bunda hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Aytish kerakki, tergov vaqtida qo‘llaniladigan g‘ayriqonuniy harakatlar nafaqat qiynoq va boshqa zo‘rlik usullaridan iborat, ya’ni, jinoiy ta’qib ostidagi shaxsga nisbatan undan iqrorlik ko‘rsatmalari olish maqsadida o‘tkaziladigan bosim, nafaqat jismoniy, balki ruhiy tazyiq ko‘rinishida ham kuzatilishi mumkin. Aynan bunday noqonuniy usullarni qo‘llab olingan har qanday dalillardan foydalanish qonunan taqiqlanadi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida ham "Hech kimning qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas", deb mustahkamlangan. Shuningdek, Inson huquqlariga oid asosiy shartnomalardan biri bo‘lgan Qiynoq hamda muomala va jazolashning shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1984 yilda qabul qilingan. Konvensiyaga muvofiq davlatlar o‘z yurisdiksiyalari ostidagi barcha hududlarda qiynoqlarga qarshi samarali choralar ko‘rishi talab etiladi.
Umuman olganda, davlatimiz Rahbari tomonidan yuqorida qayd etilgan masalalar darhaqiqat, bugungi kunda juda dolzarb hisoblanib, ushbu belgilangan vazifalarni bajarilishi sud-huquq islohotlarini yangi va sifatli bosqichga olib chiqishga, hamda eng asosiysi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirishga, ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama va to‘liq tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishiga va shu orqali huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga hamda xalqimizning sudlarga bo‘lgan qat’iy ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Fariza Ramazonova,
Yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
SMTI yetakchi ilmiy xodimi