Nukusdagi Innovatsion texnologiyalar universitetida talabalar ishtirokida sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish choralari va sudlarda joriy etilgan interaktiv xizmatlar haqida ma’lumot berish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Nukus tumanlararo ma’muriy sudlari sudyalari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda sudyalar mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va qonunchilik asoslari mustahkamlangani, davlat boshqaruvida shaffoflik, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va davlat xaridlarini raqamlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Sud tizimida ham “Raqamli sud” tamoyili joriy qilinib, ishlar elektron shaklda yuritiladi. Sud ishlari avtomatik tarzda taqsimlash tizimi orqali xolisona ko‘rib chiqiladi, kelgusida sun’iy intellekt imkoniyatlari ham qo‘llaniladi. Shuningdek, my.sud.uz portali orqali fuqarolar va tadbirkorlar shikoyat arizalari va ularni onlayn yuborishi, to‘lovlarni amalga oshirishi hamda videokonferensaloqa orqali masofadan ishtirok etish imkoniyati yaratilgan.
Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob olishlari orqali sud tizimidagi yangiliklar, elektron xizmatlar va korrupsiyaga qarshi mexanizmlar bo‘yicha o‘zlari uchun muhim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.