O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq sud-huquq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etishdagi ustuvor maqsadlar belgilandi. Ular:
a) sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish;
b) sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash, ta’lim oluvchilarda sudyalik kasbiy madaniyatini shakllantirishga qaratilgan dasturlarni joriy etish;
v) bo‘lajak sudyalarda mustaqil, xolis, beg‘araz, faqat qonunga tayangan holda va adolat bilan ish yuritishning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol o‘qitish uslublarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish;
g) tinglovchi va talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni shakllantirish, ta’lim jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilish;
d) sudyalik lavozimlariga nomzodlar, sudya va sud apparati xodimlarida zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan amaliyotda foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish;
j) sud faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;
z) o‘quv jarayoni sifatini oshirishga qaratilgan idoralararo tajriba almashish, shuningdek, sud tizimi uchun huquqshunos kadrlar tayyorlovchi, shu jumladan, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash va sudyalar malakasini oshirishga ixtisoslashgan xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ladi.
Farmon bilan Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi.
Akademiyada ta’lim jarayoni ustoz-shogird an’anasi asosida "bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi" tamoyiliga muvofiq tashkil etiladi.
Akademiya Sudyalar oliy kengashi huzurida faoliyat yurituvchi, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi va Sudyalar oliy maktabining barcha huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
O‘zA