Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud-huquq sohasi mutaxassislari ishtirokida xalqaro seminar o‘tkazildi
18:27 / 2021-08-25

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMTning Demokratiya fondi (UNDEF) va “Xalqaro qamoqxonalar islohoti” xalqaro tashkilotining (PRI) Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamkorligida “O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash” loyihasi doirasida sud-huquq tizimida jinoyat ishlari bo‘yicha faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun seminar o‘tkazildi.

Mazkur tadbirni tashkil etishdan maqsad, Markaziy Osiyo davlatlarida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash, jazoni ijro etish muassasalariga uyushtiriladigan monitoring tashriflari hamda probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, ularning natijalarini tahlil qilish orqali tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Seminarda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining Ombudsman institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari vakillari, sudyalar hamda xalqaro tashkilotlar ekspertlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mintaqaviy seminar o‘z ishini “O‘zbekiston Respublikasi Penitensiar tizimining takomillashtirilishi: qonunchilik va amaliyot” nomli risola takdimoti bilan boshladi. Ushbu risolada Ombudsman tomonidan 2019 yildan buyon jazoni ijro etish muassasalari va boshqa yopiq ob’ektlarga amalga oshirilgan monitoring tashriflarining qonunchilik asosi va natijalari haqida ma’lumotlar aks etgan.

Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish, qolaversa, inson huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni qo‘llash, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratilganligini va bu orqali probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilish holatlarining kamayishiga erishilayotganligini ta’kidladi.

[gallery-3581]

Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida 2019 yildan buyon jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari orqali mahkum va maxbuslarning yashash sharoitlari, ovqatlanishi, mehnat qilishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi kabi sharoitlari xalqaro standartlarga mos ravishda yaxshilanib borilishiga erishilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori milliy preventiv mexanizm faoliyatining yanada takomillashtirilishiga xizmat qilmoqda. Qarorda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta’minlash, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarning tezkor va xolisona ko‘rib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish kabi masalalar aks etgan.

Seminar davomida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining ushbu sohaga aloqador mutaxassis-ekspertlarining ma’ruzalari eshitildi.

Ma’ruzachilar ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari bo‘yicha chiqarilgan sud hukmlarining ijrosini ta’minlash maqsadida mahkumlar jinoyatlarining xususiyati, ularning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning hulq-atvoriga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi haqida aytib o‘tdi. Shu bilan birga, nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish uchun ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, ijtimoiy moslashtirish va kasb-hunarga yo‘naltirish talab etiladi.

Xalqaro tadbir davomida ishtirokchilar sud ishlarini yuritishda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil choralarni qo‘llash, jazoni ijro etish muassasalariga uyushtiriladigan monitoring tashriflari hamda probatsiya xizmati faoliyatini takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

N.Usmonova, O‘zA