Barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tildi.
Joylarda o‘tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda kutilgan natijalarni bermoqda.
“Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida Xo‘jayli tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi K.Tarixov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisi A.Nurlipesov tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul jarayonida Xo‘jayli, Nukus,Taxiatosh tumanlari va Nukus shahridan kelgan murojaatchilarning sud-huquq sohasiga oid masalalari tinglandi.

Sudlar raislari, ularning o‘rinbosarlari va sudyalar sho‘’balarga bo‘linib, fuqarolarni qabul qildi.
Taxiatosh tumani Naymanko‘l ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Zuxre Xudaybergenova bundan ikki yil oldin ipoteka krediti asosida yangidan qurilayotgan ko‘p qaqatli kvartiralardan birini sotib oladi.

Ammo o‘sha vaqtdagi tijorat bank mas’ullari koronavirus bilan bog‘liq karantin cheklovlari kuchaytirilganligi munosabati bilan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu uylarning boshlang‘ich to‘lovida bir yilga imtiyoz berilgani, keyin esa faqatgina ma’lum miqdorda 15 yilga hisoblangan kredit qarzini oyma-oy qaytarish zarurligini aytgan.
– Boshlang‘ich to‘lovsiz 1 yillik imtiyozli sharti bo‘lgani uchun men ham ko‘plar qatorida uch xonali kvartira olgandim, nomimizga ham hech muammosiz hujjatlashtirib berildi, – deydi Zuxre Xudaybergenova. – O‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab har oyda kredit miqdorini vaqtida to‘lab kelayotgan edik. Bir kuni bizga bankdan xat keldi. Unda yozilishicha, endi pandemiya sababli karantin cheklovlari yumshatilgandan keyin bizga aytilgan imtiyozli davr bilan qo‘shib, 50 million so‘mdan ziyod kredit qarzdorligi chiqarilibdi. Shu kundan buyon bormagan idoram qolmadi. Bugun sayyor qabulni eshitib Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisiga murojaat qildim. Shu yerning o‘zida mening bankdagi kredit qarzdorligimni vaqtincha to‘xtatib turish bo‘yicha arizamni olib qolishdi. Yana sud tartibida menga apellyatsiya shikoyati berish huquqimni ham tushuntirishdi.
Bu galgi sayyor qabul davomida kelinini turar joydan hisobdan chiqarish, farzand ta’minoti uchun aliment undirish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish, tug‘ilganlik guvohnomasidagi ma’lumot elektron bazaga xato kiritilgani uchun uni huquqiy asosda tuzatish, turar joy masalasi bo‘yicha chiqarilgan sud qarori ijrosini ta’minlash, ish haqi undirish, uy-joy masalasi bilan bog‘liq nizolar, sud hukmi bilan tayinlangan jazodan shartli ozod qilish, shuningdek, tadbirkorlarning bozor aksiyasi bekor bo‘lganligi yuzasidan, yetkazilgan zarar bo‘yicha kompensatsiya undirish kabi 45 nafar fuqaroning 50 ga yaqin masalasi tinglandi.

bugungi kunda aholi bilan uchrashib, joylarga chiqib, ularning dardiga quloq tutish, shu orqali aholi roziligiga erishish har bir rahbarning bosh vazifasiga aylandi. Ta’kidlash kerakki, sud tizimi bilan bog‘liq murojaatlar ma’lum muddat va vaqt talab qilinadigan soha. Shunday ekan, bugun murojaat qilgan fuqarolarning masalalari yuzasidan sudyalar tomonidan tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berilib, har bir murojaat sud raislari tomonidan nazoratga olindi.
Muxtasar aytganda, hech bir murojaat shunchaki qog‘ozlarda qolib ketmaydi. O‘tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar esa muammolarni aniqlash, joyida hal qilish, ularni bartaraf etish maqsadlariga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA