French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud-huquq islohotlarini izchil rivojlantirishda istiqboldagi rejalar
13:42 / 2026-01-07

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berishi shubhasiz.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori Nigora Yusupova ushbu Murojaatnoma haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.

– Hozirgi globallashuv sharoitida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda adolatli sudlov tizimini shakllantirish har bir demokratik davlat oldida turgan eng muhim vazifalardan hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida ham so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquqlari, qonun ustuvorligi va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashni davlatning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilaydi. Konstitutsiyaviy normalar sudlarning mustaqilligi, sudyalarning daxlsizligi va fuqarolarning sud orqali himoyalanish huquqini kafolatlaydi.

So‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar va qonun osti hujjatlari sud-huquq tizimini liberallashtirish, jinoyat prosessida inson huquqlarini ustuvor qo‘yish hamda odil sudlov mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, bugun yurtimizdagi islohotlarning markazida inson omili turibdi. Zero, islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu muqaddas zaminda istiqomat qilayotgan har bir insonning orzularini ro‘yobga chiqarish hamda munosib turmush sharoitlarini yaratishdan iborat ekan, har birimiz bu borada mas’uliyatni to‘la his etib, vazifalarni sidqidildan, halol va vijdonan bajarish, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirish, shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirib, daxldorlik hissi bilan mehnat qilishimiz darkor.

Bu esa jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamayishiga, odamlarda huquqiy ong, huquqiy madaniyat oshishi, bevosita xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, uning turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bunga majburiyat deb emas, aksincha kundalik faoliyat va hayot tarzi sifatida qarash talab qilinadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dastur taqdim etildi.

Murojaatnomada oltinchi ustuvor yo‘nalish sifatida zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarga oid muhim masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Murojaatnomada alohida ta’kidlangan “raqamli sud” konsepsiyasi sud-huquq sohasidagi eng muhim innovatsion yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Sud ishlarini elektron shaklda yuritish, prosessual hujjatlarni raqamlashtirish, onlayn sud majlislarini o‘tkazish orqali sud tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, tergov jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish inson omilini kamaytirish, qonunbuzarlik va korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. Jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan tortib, ishni sudga oshirishgacha bo‘lgan bosqichlarni raqamlashtirish fuqarolarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytiradi.

Prezidentimiz tomonidan yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘lgani qayd etilib, 2026 yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishi odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi haqida ma’lumot berildi.

Bu tamoyillarning joriy etilishi O‘zbekiston sud-huquq tizimi mutlaqo yangi bosqichga chiqishini ta’minlashi shubhasiz. Tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishi ushbu sohani xalqqa yanada yaqinlashtiradi. Chunki har qanday holatdagi masalada fuqarolar sudda adolatli yechim bo‘lishiga umid qiladi. Joriy etiladigan me’yorlar ana shu umidlar amalda to‘laqonli ta’minlanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, bu islohot fuqarolarning shaxsiy daxlsizligi, prosessual huquqlari va sud himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Tergov organlari faoliyati ustidan sud nazoratining kuchayishi jinoyat prosessida adolat va qonuniylikni ta’minlaydi.

Darhaqiqat, odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshirib borilishi, jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud sohasida tom ma’nodagi ochiqlik, xalqchillik, muhimi, adolat qaror topishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, o‘ta og‘ir va jamiyatda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan jinoyat ishlarini jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqish sud qarorlarining adolatli va asosli bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu esa sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Murojaatnomada Prezidentimiz turli jinoyatlar, huquqbuzarliklarga oid o‘tgan yildagi statistikalarga to‘xtalib, ularga qarshi kurashishning kelajakdagi mexanizmlari haqida ma’lumot berdi. Jumladan, giyohvandlikni aholi genofondi va yoshlar kelajagi uchun eng katta xavf, deb ta’kidladi. Bu yil 14 mingdan ortiq giyohvandlik jinoyati, shundan 3 mingga yaqini yoshlar tomonidan sodir etilgani xavotirli holat ekani qayd etildi. Narkotik savdosining internet va transchegaraviy tus olayotgani sababli, kurashda yangi usullar joriy etilishi va bu borada Milliy dastur qabul qilingani aytildi.

Shuningdek, tadbirkorlarga bosim o‘tkazayotgan, biznesni egallab olishga urinayotgan jinoiy to‘dalar qattiq qoralandi. Davlat fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarni har qanday holatda himoya qilishi qat’iy bildirildi.

Prezident oilaviy zo‘ravonlikni jamiyat uchun jiddiy muammo sifatida baholab, so‘nggi ikki yilda 2 mingdan ziyod holat aniqlanganini ta’kidladi. Ayollar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha davlat va jamoatchilikni qamrab olgan tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Korrupsiya davlat taraqqiyotiga eng katta tahdid hisoblanadi. Shu bois, 2026 yil korrupsiyaga qarshi “favqulodda holat” yili deb e’lon qilinib, barcha idoralarda komplayens va qat’iy nazorat tizimi joriy etilishi, “qonun oldida hamma teng” ekani alohida ta’kidlandi.

Zero, korrupsiyaga qarshi tizimli kurashish masalasi o‘ta dolzarb bo‘lib, bu davlat boshqaruvida ochiqlik, hisobdorlik va shaxsiy javobgarlikni oshirishga oid qat’iy chora-tadbirlarni taqozo etadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Murojaatnomasida belgilangan sud-huquq tizimini isloh qilishdagi vazifa va ustuvor yo‘nalishlar mamlakatimizda inson huquqlarini, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Sud-huquq tizimini raqamlashtirish, tergov va sud jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tergov sudyalari institutini mustahkamlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish hamda korrupsiyaga qarshi qat’iy choralar ko‘rish orqali fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.

Shu bilan birga, giyohvandlik, tashkillashgan jinoyatchilik, oilaviy zo‘ravonlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilab berilgan qat’iy chora-tadbirlar jamiyat xavfsizligi va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, korrupsiyaga qarshi “favqulodda holat” e’lon qilinishi davlat boshqaruvida ochiqlik va shaxsiy javobgarlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Umuman olganda, Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan adolatli va samarali davlat tizimini shakllantirishga mustahkam zamin yaratadi.

O‘zA muxbiri 

Nazokat Usmonova yozib oldi.