Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud-huquq islohotlari nima uchun kerak?
14:34 / 2021-01-25

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan savollarga javob berildi.

Murojaatnomada boshqa ko‘plab sohalar qatori sud-huquq sohasidagi islohotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Sud-huquq islohotlari shuning uchun kerakki, fuqarolar qonun ustuvorligiga, adolat barqarorligiga ishonch hosil qilishi kerak. Achchiq bo‘lsa ham aytish kerak, yaqin tariximizda bu borada xalq ishonchi yo‘qotildi. Shu bois keyingi yillarda sud-huquq tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun juda ko‘p zahmat chekilmoqda.

Prezidentimiz Murojaatnomada ta’kidlaganidik, 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etishga qaratilgan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilingan.

Bu nimani anglatadi? Birinchidan, mazkur tizim muammolar girdobida qolgani, odamlar adolat istagan sohaning o‘zi, adolatga muhtoj bo‘lgani, ikkinchidan, sud-huquq tizimi juda yuqori bosim ostida faoliyat ko‘rsatgani, uchinchidan, mazkur sohada korrupsiya mavjudligi, sudlarga ishonch butunlay yo‘qolganidan dalolat beradi.

2016 yilda sud-huquq tizimida boshlangan islohotlar tufayli bu boradagi muammolarga yechim izlandi. Natijada odamlarda ishonch uyg‘ona boshladi.

Prezidentimizning Murojaatnomadagi mana bu fikri meni juda to‘lqinlantirib yubordi: “Sud-huquq tizimidagi muammolar mamlakatning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi...”

Bu nima degani? Tizimda uchrayotgan inson huquqlariga tajovuz qilish illati bilan mutlaqo murosa qilib bo‘lmaydi. bugungi dunyoda, inson haq-huquqlari har qanday davlat chegaralaridan o‘tib, xalqaro darajaga chiqib ulgurdi. Xalqaro tashkilotlar, kuzatuvchilar, ekspertlar mamlakatlarga inson huquqlari qay darajada himoya qilinganiga qarab baho bermoqda.

Demak kimlarnidir befarqligi, loqaydligi oqibatida mamlakatning obro‘yiga putur yetadi, nomi qora ro‘yxatlarga kiritiladi. Bu muammo barchani, avvalo mutasaddilarni chuqur o‘ylashga undamog‘i kerak.

Yaqin tariximizda inson huquqlari himoyasi chetga surib qo‘yilgandi. Buning oqibatida inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistonga haqidagi qarashlari asosan salbiy edi. Bu holat 2016 yilga kelib bartaraf etildi.

Murojaatnomada keltirilganidik: “Adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, bu borada hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p.”

Prezidentimizning yuqoridagi fikrini o‘qib, o‘yga toldim. Nazarimda avvalo, huquqshunoslik fani rivojiga alohida ahamiyat qaratish lozim. Shuningdek, huquqshunos kadrlar tayyorlash borasida ham yechimini kutayotgan bir qator masalalar bor. Bu borada xorij tajribasini o‘rganish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish o‘ta muhim. Nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagi nomuvofiqlikka barham berish vaqti allaqachon kelgan. Har ikkala yo‘nalish uyg‘unlashtirilmas ekan, muammolar davom etaveradi.

To‘g‘ri yillar davomida huquq-tartibot idoralari barcha uchun yopiq bo‘lgan. Lekin u davrlar o‘tib ketdi. Bugun zamonaviy texnologiyalarni, chet tillarni yaxshi biladigan, siyosiy savodxon, madaniyatli, psixologiya, etika, estetika, tarix, ma’naviyat fanlarini chuqur o‘zlashtirgan huquqshunos kadrlar tayyorlashga alohida ahamiyat qaratilishi lozim.

Huquqiy-demokratik davlatda sud hokimiyati juda katta nufuzga, salohiyatga, qudratga ega. Bu birinchi navbatda mamlakat aholisining haq-huquqlari, kim tomonidan buzilishidan qat’i nazar, so‘zsiz himoya qilinishida namoyon bo‘ladi. Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlaridan asosiy muddao ham aslida shu emasmi?

Demokratik tamoyillar zamirida ham mana shu maqsad mujassam. Inson huquqlari umumjahon hujjatlarida ham asosiy e’tibor mazkur masalaga qaratilgan. Demak, sud-huquq tizimining oldiga qo‘yilayotgan bosh vazifa – bu inson huquqlarini mamlakat qonunchiligi hamda xalqaro me’yorlarda belgilangan darajada himoya qilishdir.

Murojaatnomada jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartirilishi ta’kidladi. To‘g‘risini aytganda, bu muammo eng og‘riqli nuqtamizdir. Bu borada, inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonga o‘z e’tirozini bildirib kelayotgan edi.

Insonparvarlik tamoyillarining qo‘llanishi avvalo, inson huquqlari himoya qilinishiga, jamiyatni sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. bugungi talab va xalqaro standartlarga javob bermaydigan manzil-koloniyalarning qisqartirilishi juda katta tarixiy voqeadir. Bu olamshumul tashabbusni xorijlik ekspertlar ham yuqori baholamoqda. Prezidentimizning inson huquqlari himoyasi yo‘lidagi mazkur islohotlari jahondagi juda ko‘p davlatlarga o‘rnak qilib ko‘rsatilmoqda.

Prezidentimiz Murojaatnomada Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini yanada kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish kerakligiga e’tibor qaratdi. Bu masala ham o‘ta muhimligini, fuqarolarimizni haqli e’tiroziga sabab bo‘layotganini barchamiz bilamiz. Bu borada xalqimizning ham savollari yetarli. Davlatimiz rahbari mazkur muammoni ham zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rishni alohida qayd etdi.

O‘zbekistonda bugun jamoatchilik nazorati instituti faoliyatini kengaytirish, bu boradagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, mazkur yo‘nalishda, aholi xabardorligi va savodxonligini oshirish kun tartibida bo‘lib turibdi. Bu borada xalqaro tajribani chuqurroq o‘rganish zarurligi ham ayon bo‘lmoqda.

Jamoatchilik nazorati bilan milliy mentalitetimiz o‘rtasidagi o‘zaro nomutanosiblikni chuqur tahlil qilish, odamlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongiga singdirish borasida ham tadqiqotlar, ijtimoiy so‘rovlar olib borish va o‘tkazish vaqti allaqachon kelgan. Rivojlangan davlatlarda juda ko‘p va katta-katta muammolar jamoatchilik nazorati institutining tashabbusi, talabi bilan hal etiladi. Ayniqsa, mazkur institut sud-huquq tizimidagi islohotlar natijadorligida o‘ta muhim ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Sud-huquq tizimidagi islohotlar faqat yuqoridagi omillarga bog‘liq emas. Bu borada hal etilishi muhim bo‘lgan yana bir masala borki, undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu huquqshunos kadrlar tayyorlashdir. To‘g‘risini tan olib aytganda, bu jabhada ham yechimini kutayotgan muammolar bor albatta.

Birinchidan, mazkur sohada o‘qish, bilim olishda faqat iqtidorning o‘zi yetarli emas. Bo‘lg‘usi huquqshunosda avvalo vatanparvarlik, adolat, vijdon, insof bo‘lishi zarur. Mazkur fazilatlar unga ta’lim dargohlarida singdirilishiga alohida ahamiyat qaratilishi lozim. Halollik vaksinasi eng avvalo huquqshunoslar uchun zarur, deb hisoblayman.

Ikkinchidan, Prezidentimiz bundan to‘rt yil oldin islohotlarni aynan huquq-tartibot idoralaridan boshlaganida ham juda chuqur ma’no bor. Chunki sohadagi vaziyat odamlarni sabr kosasini to‘ldirgan edi. Bu o‘z ichiga huquqshunoslik yo‘nalishiga o‘qishga kirishdan tortib, ishga joylashishgacha, ish faoliyati davomida oddiy insonlarga munosabatgacha, hamma uchun yopiqligigacha ... va boshqalardan iborat edi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun zudlik bilan chora-tadbirlar ko‘rilishi zarur edi.

Uchinchidan, zamonaviy bilimlarga ega sifatli kadrlar tayyorlash, qabul jarayonlarida shaffoflik va xolislikka erishish juda kerak va muhim edi.

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Endi investorlar nizoni hal qilish uchun Oliy sudga murojaat qilishi belgilab qo‘yildi. Chunki ilgari bu masalada ham ko‘p muammolar bor edi. O‘zbekistonga investor kelsayu uning huquqlarini himoya qilishga mas’ul idora yo‘q edi.

Murojaatnomada alohida e’tibor qaratgan mana bu masala ham e’tiborli. Bu – sud tizimida raqamlashtirish, fuqarolarimizga onlayn tartibida murojaat qilish, ular o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatishi imkoniyatini berilishidir.

Hayot yangilanmoqda, jamiyatda ong va tafakkur yuksalmoqda. Talab va istaklar ortmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, internet tobora taraqqiy etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi odamlar kechagi odamlar emas. Ular o‘z haq-huquqlarini chuqur biladi. Demak, barcha tizimlar ham shundan kelib chiqib o‘z ish uslubini o‘zgartirishi kerak. Bu zamon taqozoga aylanmoqda.

Sud-huquq islohotlari natijasi avvalo kadrlarga sifatiga bog‘liqligini barchamiz chuqur anglab turibmiz. Prezidentimizning yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirishga oid farmoniga ko‘ra, Samarqand davlat universitetida yuridik fakultet qayta tashkil etildi. bugungi kunda mazkur fakultetda 164 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga yuridik fanlar doktorlari, fan nomzodlari saboq bermoqda.

Murojaatnomada yuridik soha olimlari zimmasiga ham jiddiy vazifalar yuklatildi. Islohotlar taqdiri kadrlarga bog‘liq ekan, ushbu jarayonlar ishtirokchisi sifatida biz ham o‘z faoliyatimizni qaytadan ko‘rib chiqishimiz zarur.

Shu kunlarda fakultetimiz qoshida “Yuridik klinika” tashkil etish ishlari nihoyasiga yetmoqda. Bu yerda professor-o‘qituvchilar va talabalar Samarqand viloyati aholisiga bepul huquqiy maslahatlar berishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, viloyat maktablarida huquqshunoslik darslari o‘tilishida uslubiy yordamlar ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Bularning barchasi yuridik ta’lim va tarbiya sifatini oshirish, aholi va yoshlarda huquqiy savodxonlik darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi. Ana shunda mamlakatimizdagi bugungi o‘zgarishni chuqur his qiladigan, islohotlar jarayonida o‘zi ham bevosita ishtirok etadigan huquqiy savodxon fuqurolar qatlamini shakllashtirishga erishamiz.

 

Rahmatulla Mirzayev,

SamDU yuridik fakulteti dekani,  

yuridik fanlar nomzodi, dotsent