Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qo‘shma majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Majlisda 2026 yilda davlat byudjetida sud-huquq faoliyati va korrupsiyaning oldini olish uchun 5,7 trillion so‘m nazarda tutilayotgani qayd etildi.

2026 yilda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim preventiv mexanizmlarning yanada takomillashuvi, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar va ularning natijadorligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, 2026 yilda birinchi darajali byudjet mablag‘lari taqsimlovchilarga ajratilgan mablag‘larning miqdori, xarajat yo‘nalishlari va byudjetdan ajratilgan transfertlar sarflanishining samaradorligi, natijadorligi va maqsadliligiga erishish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida qo‘mitalarning qo‘shma qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA