Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud hukmlarining adolatliligini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlar
10:23 / 2026-02-24

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida odil sudlovni amalga oshirishda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent shahar sudi sudyasi Qahramon Mirsafoyev shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ahamiyati haqida fikr  bildirdi:  

– “Raqamli sud” konsepsiyasining joriy etilishi sud ish yurituvida shaffoflikni oshirish, protsessual muddatlarni qisqartirish va inson omili bilan bog‘liq sub’ektiv xatolarni kamaytirishga xizmat qiladi.  

Ayniqsa, tergov jarayonining raqamlashtirilishi jinoyat ishini qo‘zg‘atishdan tortib sudga qadar bo‘lgan bosqichlarda inson huquqlarining ta’minlanishini kuchaytiradi. Bu xalqaro huquqiy standartlarga ham mos keladi.  

Sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi natijasida tergov va sud faoliyatida qaror qabul qilishning adolatliligi va xolisligi mustahkamlanadi.  

Tergov sudyalari institutining yanada kengaytirilishi, ularga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlarining berilishi “Xabeas korpus” institutini yangi mazmun bilan boyitadi. Bu shaxs erkinligi daxlsizligini kafolatlash, noqonuniy ushlab turish va asossiz protsessual cheklovlarning oldini olishda muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi.

Shu bilan birga, odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, xususan, “xalq vakillari hay’ati” institutining bosqichma-bosqich joriy etilishi sud hokimiyati faoliyatining ochiqligi va jamiyat ishonchini oshirishga xizmat qiladi. Og‘ir va ijtimoiy rezonansli jinoyat ishlarining jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmlarining adolatliligini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir.

Sud-huquq tizimi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, xususan, giyohvandlik, uyushgan jinoiy guruhlar va moliyaviy jinoyatlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Giyohvandlik jinoyatlarining ko‘payishi, yoshlarning bu jarayonga jalb etilayotgani millat genofondi va jamiyat barqarorligiga jiddiy tahdid, albatta. Shu munosabat bilan narkojinoyatlarga qarshi kurashni bugungi kunda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bir qatorda butun jamiyatni safarbar etish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bunda, profilaktika, ma’naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish va huquqiy ongni oshirish sud-huquq siyosatining muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish – sud-huquq islohotlarining ajralmas qismiga aylanmoqda. 2026-yilda bu borada “favqulodda holat” e’lon qilingani qat’iy siyosiy irodaning ifodasi bo‘ldi.  

Davlat organlarida komplayens tizimining joriy etilishi, byudjet mablag‘lari ustidan shaxsiy javobgarlikning kuchaytirilishi va qonun oldida barchaning tengligi prinsipi sud-huquq tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.  

Bu chora-tadbirlar korrupsiyani tizimli ravishda jilovlash, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.  

Xulosa qilib aytganda, raqamlashtirish, jamoatchilik ishtiroki, inson huquqlarining ustuvorligi va korrupsiyaga murosasiz munosabat tamoyillariga tayangan ushbu islohotlar adolatli sudlov va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Norgul Abduraimova, O‘zA