English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi
14:45 / 2025-12-19

Senat yalpi majlisida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktoriga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovida aks etgan masalalar bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, hisobot davrida 4,2 millionta ijro hujjati bo‘yicha qarzdorliklar amalda undirilib, bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 48 foizga ortgan.

Shu davrda jami 29,9 trillion so‘m, jumladan, davlat foydasiga 17,9 trillion so‘m undirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan umumiy undiruv 2,9 trillion so‘mga, davlatga undiruv 7,6 trillion so‘mga oshgan.

Majburiy ijro sohasiga IT - texnologiyalarini keng joriy etish va ijro jarayonida inson omilini kamaytirish maqsadida “MIB - Portal” dasturi 39 vazirlik, idora va tashkilotning 68  axborot tizimiga integratsiya qilingan. Sohani raqamlashtirish natijasida byuroda 20 dan ortiq axborot tizimlari ishlab chiqilgan va 95 milliard so‘m mablag‘lar tejalishiga erishilgan.

Shu bilan birga, parlament so‘rovidagi ayrim masalalar hamon dolzarbligicha qolayotgani qayd etildi. Jumladan, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilgan mablag‘lar hamda ularning jamg‘armaga qaytarilishi yuzasidan yetarlicha chora-tadbirlar amalga oshirilmagan.

Sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiyligini amalda ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralar yetarli bo‘lmagani bois, ayrim hokimliklar, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan va byudjet tashkilotlari tomonidan qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lanmasdan qolmoqda.

Senatorlar sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish, qonunchilikni takomillashtirish, majburlov mexanizmidan foydalanmagan holda ijro   etiladigan   hujjatlar toifasi yanada kengaytirish kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozimligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA