Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, bugungi kunda qonunchilikka muvofiq qarzdorning unduruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki daromadlari bo‘lmasa, ijro ishi yuritishning tugatilishi belgilangan. Bunday holat amaliyotda unduruvchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shunga muvofiq, qonun loyihasi bilan Majburiyatlar reyestrini joriy etish va qarzdorning mol-mulki yoki pul mablag‘lari Majburiyatlar reyestirida aniqlangan taqdirda, ijro ishini qayta tiklash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Soliq kodeksida Majburiyatlar reyestriga kiritilgan soliq qarziga penya hisoblanmasligi belgilanyapti.

Majlis kun tartibidagi navbatdagi qonun loyihasi — sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish hamda ijro ishi yuritish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan.
Bugungi kunda sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilini kamaytirish, fuqarolarning minimal turmush darajasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan mol-mulki va pul mablag‘lari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan qonun hujjatlarini tizimlashtirish hamda takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromadni o‘rnatish, ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorning xatlangan mulkini boshlang‘ich narxdan o‘ttiz foizlik chegirma bilan sotish, shuningdek, davlat ijrochilari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq majburiy ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilining kamayishiga, majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirishga, odil sudlov samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA