Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud hujjatlari ijrosi talab darajasidami?
14:56 / 2025-11-14

Sudlar faoliyatida oshkoralik va odillikni ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlashda sud hujjatlarini to‘laqonli ijro etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Namangan viloyati sudida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan seminar ham ayni shunga qaratildi.

Seminar avvalida, Namangan viloyati sudi raisining o‘rinbosari Adhamjon Mirzayev sud hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish borasidagi vazifalarga to‘xtaldi. 

Xususan, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida byuro organlariga yuborilgan hujjatlar, ularning ijrosi, shuningdek, ijro hujjatlarining qaytarilish holatlari yuzasidan batafsil tahlillar o‘tkazildi. Qolaversa, MIB idoralariga kelib tushgan hujjatlarining ijrosi va hozirgi holati muhokama qilinib, ushbu jarayonni yanada takomillashtirish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Bundan tashqari, “Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv” va “Oilaviy zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish” mavzularida sud amaliyoti va qonunchilikni qo‘llashdagi masalalar to‘g‘risida ham so‘z yuritildi. Bu bo‘yicha so‘zga chiqqan sudyalar va ichki ishlar idoralari xodimlari amaliyotda uchrayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish borasida fikr-mulohaza almashdilar. 

Tadbir yakunida, muhokama qilingan masalalar yuzasidan sud, MIB va IIB o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ijro intizomini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.