Sud himoyasini taʼminlashda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar mavjud edi
Endilikda ularni bartaraf etishga qaratilgan yangi tartib-qoidalar joriy etilmoqda
Farmon va ijro
Endilikda ularni bartaraf etishga qaratilgan yangi tartib-qoidalar joriy etilmoqda
Sud - qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolat va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarni amalda taʼminlaydigan muhim institutdir.
Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini taʼminlash, odil sudlovni taʼminlashni nazarda tutuvchi ellikdan ortiq qonun hujjati qabul qilindi.
Lekin sud himoyasini taʼminlashda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar yoʻq emas. Sud qarorlarini qayta koʻrishda bir-birini takrorlovchi bosqichlarning mavjudligi, investorlar huquqlarini taʼminlashda sud himoyasi yetarli darajada tashkil etilmagani va boshqa bir qator kamchiliklarning shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ana shunday kamchiliklarga barham berishga qaratilgan.
Amaldagi qonunchilikda Sudyalar oliy malaka hayʼatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi nazarda tutilmagan. Bu sudyalarning mustaqilligini cheklab, ularni himoyasiz qoldirib, yuqori sud instansiyasining sudyaga nisbatan bosimini taʼminlab kelgan.
Farmonda qonunchilikka malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan sudyalar hamjamiyatining organi boʻlgan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqini berishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritish koʻrsatildi. Bu esa kelajakda sudyalarni mustaqil qaror qabul qilishlarida, ataylab qilinmagan xatolari uchun jazolanishi, yuqori instansiyalar tomonidan sudyaga nisbatan asossiz xususiy ajrim chiqarilishi, xizmat tekshiruvi oʻtkazilishining oldini oladi.
Hududlarda fuqarolik, jinoiy va iqtisodiy sudlarning alohida faoliyat yuritishi yagona sud amaliyotini shakllantirishga toʻsqinlik qilmoqda. Jumladan, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonun bilan har ikkala sud uchun boj undirish tartibi bir xil oʻrnatilgan boʻlsada, bitimlar boʻyicha davlat bojini fuqarolik sudi mulk qiymatidan, iqtisodiy sud esa bazaviy hisoblash summasidan kelib chiqib hisoblab kelmoqda. Sudlarning joylashish oʻrni tarqoq boʻlganligi sababli fuqarolar va tadbirkorlar sarson boʻlishiga sababchi boʻlmoqda.
Vaholanki ilgʻor tajribaga ega boʻlgan davlatlarda oʻrta boʻgʻin umumiy yurisdiksiya sudlarining birgalikda faoliyat yuritishi kuzatiladi. Masalan, bunday tajribani Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Belarus kabi davlatlarning sud tizimida koʻrish mumkin.
Eʼtibor qiling: 2019-yilda 58 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorlar sudlardagi sarsongarchiliklarga nisbatan oʻz eʼtirozini bildirgan. Shuning oʻziyoq sohada tub oʻzgarishlar amalga oshirishni taqozo etadi.
Oʻrta boʻgʻin sudlarining birlashtirilishi esa ishlarni bir suddan boshqasiga oʻtkazilishining oldini oladi va fuqarolarning huquqlari oʻsha hududning oʻzida yechimini topadi. Shu jihatdan farmonda 2021-yil 1-yanvardan viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoiy va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi muhim yangilik boʻldi.
Endilikda uch yoʻnalishdagi sudlar negizida yagona sud tashkil etilib, menejer maqomiga ega boʻlgan viloyat sudi raisi va har bir yoʻnalish boʻyicha oʻrinbosar lavozimlari joriy etiladi.
Ayni paytda mamlakatimizda tuman (shahar) maʼmuriy sudlarida 220 nafar sudya faoliyat yuritib kelayotgan boʻlsa tumanlararo maʼmuriy sudlarning tashkil etilishi bilan yana 70 nafar sudya faoliyat yuritadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlaridagi sudyalar va sud xodimlari soni esa 87 nafarga koʻpaytiriladi.
Maʼlumki, maʼmuriy sudlarning tashkil etishidan koʻzlangan asosiy maqsad davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, mahalliy hokimliklarning faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, ularning noqonuniy qarorlarini bekor qilish orqali fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini oʻz vaqtida hamda samarali tiklashga qaratilgan.
Statistik maʼlumotlardan aniqlanishicha maʼmuriy sudlar tomonidan 2019-yildan shu kunga qadar 2 mingdan ortiq hokim qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan.
Biroq, maʼmuriy sudlarning faoliyati toʻgʻri tashkillashtirilmaganligi sababli maʼmuriy sudlarda ishlarni hal etishda bir qator muammolar koʻzga tashlanadi. Jumladan, tuman miqyosida maʼmuriy sudlar, shu tuman hududidagi mahalliy hokimiyat organlaridan mustaqil faoliyat yuritishida qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ommaviy-huquqiy nizolarni koʻrishga ixtisoslashgan maʼmuriy sudlarga oʻz tabiatiga koʻra jinoyat ishlariga oʻxshash maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrish yuklatilgan. Birgina 2020-yil 6 oyida respublikada maʼmuriy sudlar tomonidan 183 ming maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar koʻrilgan. Shu davrda 6,9 ming ommaviy-huquqiy nizolar koʻrilgan. Yaʼni, koʻrilgan jami ishlarning atigi 4 foizi maʼmuriy sudlarning oʻziga taalluqli boʻlgan ishlarni tashkil etgan.
Farmonda ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali maʼmuriy odil sudlov tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar) maʼmuriy sudlari negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etish hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlarida ayni damda 319 nafar sudya faoliyat yuritib kelayotgan boʻlsa, 2021-yil 1-yanvardan ularga maʼmuriy ishlar olib berilishi munosabati bilan tizimga yana 351 nafar sudya qoʻshiladi.
Amaldagi qonunchilikda sudga kelgan jinoyat ishi boʻyicha tergovda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni sud tergovi boshlangunga qadar aniqlash hamda bartaraf etishning samarali mexanizmi nazarda tutilmagan. Yana ilgʻor xorij amaliyotiga nazar solsak, bu borada AQSH, Buyuk Britaniya Germaniya, Fransiya, Rossiya, Qozogʻiston davlatlarida dastlabki eshituv instituti joriy etilgan.
Farmonda bu sohada ham dastlabki islohot sifatida sud tergovi jarayonida inson huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanligi tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida jinoyat sudlarida dastlabki eshituv bosqichi joriy etilishi koʻzda tutilmoqda.
Qonunchiligimizda prokurorning suddagi ishtiroki bilan bogʻliq ayrim jihatlar bor ediki, bu hamon sudning chinakam mustaqilligiga soya solib kelayotgan edi. Masalan, prokuror tomonidan suddan ishni oʻz tashabbusi bilan chaqirib olishi, prokuror ishtiroki shart boʻlmagan ishlar koʻrilishida tanlov asosida qatnashishi va taraflar yoki sudga bosim oʻtkazishi holatlari yoʻq emas edi.
Farmon bilan mazkur ogʻriqli muammolarni bartaraf etilmoqda. Endilikda prokuror sud jarayonida ayblovdan voz kechgan taqdirda, reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish, prokuror tomonidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina suddan ishni oʻrganish uchun chaqirib olish, prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini chegaralash joriy etiladi.
Joriy etilayotgan tartib prokuratura va sud orasidagi huquqiy-protsessual munosabatlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga hamda jinoyat protsessi ishtirokchilari vakolatlarining oʻzaro muvozanatini taʼminlashga xizmat qiladi.
Farmonda, shuningdek, sud tizimiga 2021-yil 1-yanvardan boshlab ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etilmoqda. Unga koʻra, sud qarorlarining sifatini oshirish va barqarorligini taʼminlash, sudda har bir ish boʻyicha yakuniy toʻxtamga kelish hamda fuqarolar va tadbirkorlarning sarson boʻlishining oldini olish maqsadida sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish, bir sudning oʻzida birinchi instansiyada koʻrilgan ishlar, shu sudning oʻzida keyingi instansiya sifatida koʻrilishi amaliyotiga barham berish nazarda tutilgan.
Aksariyat MDH davlatlari va Germaniya, AQSH, Fransiya kabi dunyoning rivojlangan mamlakatlari ham bu tartibdan allaqachon voz kechgan.
Yana bir muhim jihat shuki, endilikda Oliy sud tizimida ixtisoslashtirilgan investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha tarkib tashkil etiladi. Unga yirik investorlarning investitsiya kiritilgan sanada 20 million dollardan kam boʻlmagan miqdorda investitsiya kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxs boʻlgan investorlar va davlat organlari oʻrtasidagi investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish vazifasi yuklatiladi.
Yirik investorlar oʻz xohishiga koʻra bevosita investitsiyaviy tarkibga yoki umumiy tartibda boshqa quyi tizim sudlariga murojaat qilishga huquqi, boshqa investorlar esa oʻz xohishiga koʻra, bevosita Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudiga yoki umumiy tartibda boshqa quyi tizim sudlariga murojaat qilish huquqi taʼminlanadi.
Bunda investorlarni nizolarni hal qilish uchun turli sud instansiyalari oʻrtasida 5 – 6 oylab sarson boʻlishining oldini olish va ularning muammolari bitta sudda hal qilinishini taʼminlash hamda investorlarning odil sudlovga ishonchini kuchaytirish orqali investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsad qilib qoʻyilgan.
Xulosa qilib aytganda, farmon bilan sud-huquq tizimini isloh etishning yangi davri boshlandi. Uning bosh maqsadi - inson, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilishni amalda taʼminlash mexanizmini mustahkamlashdir.
Joʻrabek Karaboyev,
Sudyalar oliy kengashining
shoʻba rahbari.