Samarqand shahrida yashovchi I.M.ga tegishli uy davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilib, buzilishga tushgan. Ammo olib qo‘yilgan yer uchastkasi uchun kompensatsiya to‘lab berilmagan. Fuqaro ushbu masala yuzasidan Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilgach, masala o‘rganib chiqilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Aniqlanishicha, kompensatsiyaning bir qismi sifatida Samarqand shahar hokimining 2012 yil 13 oktyabrdagi 1723-Q-sonli qarori bilan fuqaro I.M.ga “R.Hamroyev” jamoa xo‘jaligi hududidan 600 kv. metr, o‘g‘li R.M.ga Samarqand arxitektura-qurilish universitetiga yondosh yerlardan 400 kv.metr yer maydoni ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, yer uchastkalari ajratib berilmagan, shuningdek, mutanosib shaklda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq narxi to‘lanmagan.
Vaholanki, “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 42-bandida pul mablag‘lari, boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini mulk qilib berish (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 23 fevraldagi 76-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan) hamda kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiyaning boshqa turlari kompensatsiya qilib berilishi belgilab qo‘yilgan.
Sud majlisida fuqaro I.M. 2012 yilda buzilishga tushgan uy-joyi o‘rnida boshqa uy-joy olishi uchun shahar hokimligi ajratib bergan 173 million so‘m pul mablag‘iga uy olib, ko‘chib chiqqanini ta’kidladi. Shu bilan birga Samarqand shahar hokimining 2012 yil 13 oktyabrdagi 1723-Q-sonli qarori ijrosi bo‘yicha Samarqand shahar ma’muriy sudiga bergan da’vo arizasi qanoatlantirilib, sud tomonidan hokimlikning harakatlari qonunga xilof deb topilgan bo‘lishiga qaramay, sud qarori ijrosi bu holatda ham e’tiborsiz qoldirilganini ma’lum qildi.
Sudda ishtirok etgan hokimlik ishonchli vakili B.K. da’voni tan olmay, fuqaroga tovon tariqasida pul kompensatsiya va ikkita yer uchastkasi ajratib berish belgilangani, ammo nima sababdan ajratib berilmasdan qolib ketganidan xabari yo‘qligini, bugungi kunda hokimlik yer uchastkasi ajratib berish vakolati ega emasligini ma’lum qildi. Xususan, qarorda kompensatsiya ajratib berish nazarda tutilmagani, faqat yer maydoni ajratish belgilanganligini inobatga olib da’voni rad qilishni so‘radi.
Sud O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 249-253-moddalarini qo‘llab, Samarqand shahar hokimligi hisobidan I.M. foydasiga ajratib berilmagan yer uchastkasi uchun 113 753 000 so‘m va R.M. foydasiga ajratib berilmagan yer uchastkasi uchun 302 719 000 so‘m miqdorida pul kompensatsiya undirish haqida qaror qabul qildi.
G‘.Hasanov, O‘zA