Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud faxriysiga ehtirom
10:56 / 2025-12-16

Bugungi kunda yurtimizda mehnat faxriylarini e’zozlash, ularga e’tibor ko‘rsatish ezgu qadriyatga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Sudyalar oliy kengashi, Namangan viloyati sudi tomonidan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili asosida yaxshi tashabbusga qo‘l urilib, uzoq yillar sud tizimida samarali faoliyat olib borgan faxriylarning hayoti va faoliyati aks etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 27-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” ta’lim muassasasining sobiq o‘quvchisi, sud faxriysi G‘ozixon Yaxyoxo‘jayevning ibratli hayot yo‘liga bag‘ishlandi. Nuroniylar, sud va prokuratura faxriylari, tuman rahbarlari, sudyalar va yoshlar ishtirokidagi tadbirda sud, prokuratura faxriylari, sudyalar G‘ozixon Yaxyoxo‘jayevning shonli hayot yo‘li, ibratli faoliyati haqida so‘z yuritib, ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi, umr yo‘li esa yoshlarga chin havas ekanligini alohida ta’kidladi. 

Yuzma-yuz muloqotda yigit-qizlar maktabning sobiq o‘quvchisiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Ularning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani yoshlarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi. Uchrashuvda maktab jamoasi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, viloyat sudi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sudyalar oliy kengashi tomonidan maktab jamoasiga G‘ozixon Yaxyoxo‘jayevning mehnat faoliyati aks etgan maxsus peshlavha taqdim etildi. Bu ta’lim dargohiga ehtirom ifodasi bo‘lib, ushbu dargohdan yana ko‘plab el ardog‘idagi insonlar yetishib chiqishiga bildirilgan ishonchdir. Tadbir doirasida mehmonlar sinf xonasida bo‘lib, sobiq o‘quvchining ustozlari va sinfdoshlari bilan suhbatlashdi. 

Samimiy muloqotlarda bolalik chog‘lari, maktab davrlari esga olindi. Uchrashuv ishtirokchilari maktab hovlisiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekib, bilim maskani obodonchiligiga hissa qo‘shildi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.