English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sud faoliyatida tub o‘zgarishlar davri yoxud «Konstitutsiyaviy sud nima ish qiladi?»
17:18 / 2021-06-23

Avvallari «Konstitutsiyaviy sud nima ish qiladi» degan savolni ko‘p eshitganmiz. Savolning bu tarzda qo‘yilishi biroz erish tuyuladi. Biroq buni noo‘rin deb ham bo‘lmaydi. Chunki ko‘p yillar davomida Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lmagan yoki nima bo‘lsa-da, Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy huquqimni himoya qiladi, degan umid bilan murojaat qilib, muammosini ijobiy hal etolmagan fuqaro jahl ustida, albatta «O‘zi Konstitutsiyaviy sud nima ish qiladi» degan savolni o‘rtaga qo‘yishi tabiiy edi.

 Qolaversa, uzoq yillar davomida Konstitutsiyaviy sud nima ish qilishini bilmaydiganlar faqat oddiy fuqarolar bo‘lmagan. Gapning ochig‘i, DAN xodimi ham «Kechirasiz, o‘zi Konstitutsiyaviy sud nima ish qiladi?» deb bergan savoli ko‘p bo‘lgan.  

 Ularning bergan savoliga yarim chin, yarim hazil ma’noda: - Bilasizmi, Konstitutsiyaviy sudni umumiy yurisdiksiya sudlaridan farqi nimada? Umumiy yurisdiksiya sudlari «odamlarni sud qiladi». Konstitutsiyaviy sud esa «hujjatlarni sud qiladi» deb, javob berganmiz.  

 Haqiqatdan ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 108-moddasining birinchi qismida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi», deb belgilangan.  

 Demak, Konstitutsiyaviy sud o‘z faoliyati davomida Konstitutsiya ustunligini ta’minlash maqsadida ta’bir joiz bo‘lsa, «normativ-huquqiy hujjatlarni sud qiladigan» mustaqil sud hokimiyati organi hisoblanadi.  

 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining huquqiy maqomi avvalo O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, nima uchun uning faoliyati bilan ko‘pchilik tanish emas, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta.  

 Bunga bizning fikrimizcha, quyidagi ob’ektiv va sub’ektiv sabablarni ko‘rsatish mumkin.  

 Birinchidan, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy nazorat institutining tarixi o‘tgan asrning 90 yillariga borib taqalsa-da, biroq Konstitutsiyaviy sud tomonidan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish, qolaversa, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o‘rniga lozim darajada e’tibor qaratilmadi.  

 Mustaqillikning birinchi kunlaridan, aniqrog‘i, 1990 yil boshida dastlab Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi, keyinchalik esa Konstitutsiyaviy sud sifatida faoliyat yuritgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining huquqiy asosi bo‘lib hisoblangan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi qonun o‘tgan 25 yil davomida umuman takomillashtirilmadi.  

 Vaholanki, bu davr oralig‘ida sud-huquq sohasida katta islohotlar amalga oshirilib, sud tizimi (umumiy yurisdiksiya sudlari) faoliyati va uning huquqiy asoslari muntazam ravishda takomillashtirilib borildi.  

 Ikkinchidan, fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqi berilmagan edi. Bu yuridik tilda konstitutsiyaviy shikoyat instituti deb ataladi.  

 Konstitutsiyaviy shikoyat instituti nima degani? Dunyo amaliyotida konstitutsiyaviy shikoyat instituti shuni anglatadiki, agarda fuqaro o‘zining Konstitutsiyada belgilangan huquqini qonun yoki uning biron-bir normasi bilan buzilmoqda deb hisoblasa, ushbu hujjatni konstitutsiyaviyligini ko‘rib chiqishni so‘rab Konstitutsiyaviy sudga murojaat (shikoyat) qilish huquqi tushuniladi.  

 Bizda avvallari fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi bo‘lmaganmi? Yo‘q albatta, bo‘lgan. Faqat fuqarolar tomonidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi bevosita emas, balki bilvosita amalga oshirilgan. Ya’ni, agar normativ-huquqiy hujjat fuqarolarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa-yu va buni aniqlashni so‘rab Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiladigan bo‘lsa, dastlab bu murojaat Konstitutsiyaviy sudning, ta’bir joiz bo‘lsa, «uchta sudyasini nazaridan o‘tishi» kerak edi.  

Agar Konstitutsiyaviy sudning uchta sudyasi ma’qul topsa va ular tashabbus ko‘rsatsa, fuqaroning murojaati Konstitutsiyaviy sud majlisida ko‘rib chiqish uchun kiritilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqidan, aniqrog‘i, masala kiritish huquqidan amalda mahrum etilgan. Shuning uchunn ham fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilmagan va uning faoliyati bilan tanishishga zarurat sezmagan. Bu esa yuqorida biz uchun erish tuyulgan  

Konstitutsiyaviy sud nima ish qiladi, degan haqli savolni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.  

Uchinchidan, achchiq bo‘lsa-da shuni ham ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy sud bor imkoniyatlardan foydalanish o‘rniga yillar davomida «och qornim – tinch qulog‘im» yoki «sen menga tegma – men senga tegmayman» qabilida ish yuritib kelgan.  

 So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sud faoliyatida ham tub o‘zgarishlar davri kuzatilmoqda.  

 Bunga huquqiy asos bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun biz hayotimizning barcha jabhalarida konstitutsiyaviy nazoratni kuchaytirishimiz zarur, degan siyosati xizmat qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

 Darhaqiqat, joriy yilning 27 aprel kuni qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonuni ko‘pchilik mutaxassislarning fikriga ko‘ra mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat institutining yangi davrini boshlab berdi.  

 Ushbu Konstitutsiyaviy qonun avvalgidan farqli ravishda Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning barcha protsessual bosqichlarni, ya’ni murojaatlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va o‘rganish, ishni ko‘rish uchun qabul qilish, sud ishlarini yuritish ishtirokchilari hamda ularning huquq va majburiyatlari, sud muhokamasi, sud qarorlari, sud majlisi bayonnomasi va boshqa harakatlarni tartibga soldi.  

 Shuningdek, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar doirasi mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari himoyachilari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hisobiga kengaytirildi.  

 Qonunning yana bir muhim jihati shundaki, kelgusida agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa, fuqarolar va yuridik shaxslar qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etishga haqli bo‘ldi.  

 Mazkur Konstitutsiyaviy qonun qabul qilingandan buyon, o‘tgan qisqa davrda Konstitutsiyaviy sud fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan qilinayotgan murojaatlar sonining keskin ortganini o‘zi ham «Konstitutsiyaviy sud nima ish qiladi» degan savolga ko‘pchilik javob topganligi nishonasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.  

 To‘g‘ri, fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan Konstitutsiyaviy sudga kelayotgan murojaatlarning hammasi ham Konstitutsiyaviy sudga taalluqli emas. Masalan, so‘nggi ikki oy davomida fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga yuborgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlari yuzasidan 20 dan ortiq sud ajrimi chiqarilib, ularni ko‘rib chiqish uchun qabul qilish rad etilgan.  

Biroq, masalaning boshqa tomoni bor. Muhimi, fuqarolar va yuridik shaxslar o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni so‘rab Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berildi. Ular endi mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini munosib himoya qiladigan konstitutsiyaviy nazorat instituti «jonlana» boshlaganligiga ishonishmoqda. Bu esa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda olib borayotgan tub islohotlarni amalda o‘z samarasi bo‘y ko‘rsata boshlaganligidan dalolatdir.  

Muxtasar aytganda, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun hayotimizning barcha jabhalarida konstitutsiyaviy nazoratni kuchayishiga, bu esa pirovard natijada inson huquq va erkinliklarini, uning sha’ni, qadr-qimmati, mol-mulkining daxlsizligini saqlash, fuqarolarning mehnat qilish, ta’lim olish, tibbiy yordamdan foydalanish kabi eng asosiy huquqlarini to‘la ta’minlash imkonini beradi.  

 

 

Abdumannob RAHIMOV,  

 yuridik fanlar nomzodi