Mazkur mavzu doirasida mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilayotgan mahorat darslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalari va sud xodimlari uchun ham tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi USAID agentligining O‘zbekistonda huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bu galgi mahorat darslari “O‘zbekiston Respublikasi sudyalari odob-axloq kodeksini amalda qo‘llash va fuqarolarning ishonchini oshirish hamda mustahkamlash” mavzusiga bag‘ishlandi.
Qayd etilganidek, sudyaning kasbiy odob axloqi yuridik odob-axloqning bir qismi bo‘lib, u sudya hamda protsess ishtirokchilarining ish jarayonida, ishdan tashqari vaqtlaridagi ma’naviy axloqiy, kasbiy munosabatlariga doir masalalarni o‘rganish va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, sudya o‘z faoliyatini sudyalar odob-axloqi talablarini bajarmasdan amalga oshira olmasligi, chunki ushbu faoliyat asosini jamiyatda tarixan shakllangan ma’naviy va huquqiy talablar tashkil etadi. Shu bilan birga sudyalar odob-axloqining o‘ziga xos tomoni shundaki, unga ixtisoslashuvidan qat’iy nazar shahar va tuman, viloyat sudlari, Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud sudyalari rioya qilishlari shart va majbur ekanligi ta’kidlandi.
Sudya faoliyatining qonuniy asosini «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonun bilan birga Sudyalar Oliy kengashining 2018 yil 29 yanvardagi 490-sonli qarori bilan qabul qilingan Sudyalarning odob-axloq kodeksi tashkil etadi. Mazkur Kodeks har bir sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq kasbiy faoliyatida va xizmatdan tashqari vaqtda majburiy bo‘lgan yuksak odob-axloq talablariga, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, odil sudlov va sudyalar odob-axloqi sohasidagi xalqaro standartlarga asoslangan qoidalarni belgilashi tushuntirildi.
Seminar-trening davomida ishtirokchilarga sud etikasining mazmun-mohiyati, xorijiy davlatlarda sud etikasiga oid xalqaro standartlar va xalqaro prinsiplar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, sudyalarning ish jarayonlari va ishdan tashqari vaqtlarida odob-axloq kodeksi talablaridan kelib chiqadigan holatlar yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA