Nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi belgilanib, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)larning o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berilmoqda.
Bu “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda. Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida soha vakillari va ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qonun loyihasidagi normalar deputatlar bergan taklif va tavsiyalardan kelib chiqib takomillashtirildi. Xususan, sud-ekspertlik tuzilmalari sifatida davlat sud ekspertiza muassasasi, nodavlat sud ekspertiza tashkiloti, sud-ekspertlik byurosi, o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlarining huquqiy maqomini aniq belgilash maqsadida aniqlashtiruvchi normalar bilan to‘ldirildi.

Shuningdek, sud-ekspertlik faoliyatining asosiy prinsiplari qayta ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasining asosiy tushunchalari aks ettirilgan moddada zarurati mavjud bo‘lmagan ayrim tushunchalar, ya’ni validatsiya, sud ekspertining attestatsiyasi va sud ekspertlarining davlat reyestri kabi tushunchalar chiqarilib, alohida moddada batafsil yoritib berildi.
Bundan tashqari, yangi tashkil etilayotgan institut — Sud ekspertlari palatasining vazifalari yanada aniqlashtirildi, huquq va majburiyatlari belgilangan normalar takomillashtirildi.
M.Komilova,
O‘zA