Vazirlar Mahkamasining “Sud-ekspertlik faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tizim ishida bir qatar o‘zgarishlar amalga oshiriladi.
Sud ekspertlarining faoliyatini kasbiy layoqatliligi, o‘tkazilgan sud-ekspertizalarining ish sifati reyting tizimida baholab boriladi. Baholash qonuniylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik va shaffoflik prinsiplariga asoslanadi.
Bunda berilgan sud-ekspertiza xulosalarining muddatida va sifatli bajarganligi, bajarilgan sud ekspertizalarining hajmi, sud ekspertining mehnat va ijro intizomiga rioya qilishi, ilmiy loyihalarda ishtirok etishi, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi (falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun izlanishlari), yangi sud-ekspertiza turlarini joriy qilishi, yangi metodikalarni ishlab chiqishi, mavjud metodikalarni takomillashtirish, amalga oshirilgan targ‘ibot tadbirlari yuzasidan bergan asosli takliflari inobatga olinadi.
Baholash bir yilda bir marotaba sud-ekspertiza muassasasi mavjud bo‘lgan vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idorasi rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiya 5 yoki 7 nafar a’zodan iborat tarkibda tashkil etiladi.
Faoliyatni baholash yuzasidan asoslantiruvchi hujjatlar tegishli tarkibiy bo‘lim (laboratoriya va bo‘limlar) mas’ul xodimlari tomonidan Komissiya kotibiga har yili 10 yanvarga qadar topshiriladi. Kechiktirib topshirilgan hujjatlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Soxta hujjatlarni taqdim qilish tegishli javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Hujjatlar har yili 20 yanvarga qadar ko‘rib chiqilib, 100 ballik tizimda quyidagicha tavsiflanadi: 86-100 ball - “a’lo”; 71-85 ball - “yaxshi”; 56-70 ball - “qoniqarli”; 0-55 ball - “qoniqarsiz”. Ma’lum ballarni to‘plagan, ya’ni, “qoniqarli”, “yaxshi” va “a’lo” deb topilgan davlat sud ekspertiga nisbatan davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki vazirlik, idora va tashkilotlarning byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armalari hisobidan rag‘batlantirish, xususan, har oylik qo‘shimcha ustamalar miqdorini belgilashga doir choralar qo‘llanilishi mumkin.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining ekspertlarini rag‘batlantirish ushbu tashkilotlarning jamoa kelishuvlari yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Namunaviy nizom talablarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
O‘zA