Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda dastlab “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha bo‘yicha Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabbiyev batafsil ma’lumot berdi:
— Mamlakatimizda sud-ekspertlik sohasini yanada takomillashtirish, ushbu sohadagi muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda mamlakatda sud ekspertizasi nazariyasi va amaliyotini rivojlantirish, sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi vazir o‘rinbosari. — Bugun amaldagi qonun sohaga oid bir qator talablarni takomillashtirishni taqozo etadi. Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi belgilanmoqda. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)larning o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berish nazarda tutilyapti.

Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazishda ilg‘or xorijiy tajribadan keng foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida sud ekspertizasini tayinlovchi organga (shaxsga) o‘z tashabbusi bilan yoki davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbarining iltimosnomasiga asosan sud ekspertizasi sohasidagi xorijiy davlat mutaxassislarini sud eksperti sifatida jalb etish huquqi berilmoqda.
Sud-ekspertlik faoliyatining yanada ishonchliligini oshirish maqsadida akkreditatsiya va validatsiya institutlari joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, advokatning so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida davlat va nodavlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish va ekspertlik fikrini berish tartiblari nazarda tutilmoqda.
Bugungi kunda 9 ta sud ekspertlari muassasalari mavjud. Ammo sud ekspertlarining soni, huquqiy normativ hujjatlarda ularning aniq reyestri mavjud emas. Shu bois sud ekspertlari reyestrini yuritish joriy qilinmoqda. Sud ekspertlarining faoliyati bo‘yicha kasb etikalari va qoidalari, ekspertizani o‘tkazishga oid cheklovlar ham belgilab qo‘yilmoqda.
Nodavlat sud ekspertlarini birlashtiruvchi, ularga yaqindan yordam beruvchi Sud ekspertlari palatasini tashkil etish hamda uning vazifalari belgilanyapti. Mazkur palataga a’zolik ixtiyoriy bo‘ladi.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda bir qator xorijiy mamlakatlarda sud-ekspertlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlar o‘rganib chiqildi va loyihani ishlab chiqishda inobatga olindi.
Qonun loyihasidagi normalar sud ekspertlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ekspertiza xulosalarining ishonchliligini yanada oshirishga xizmat qiladi, — dedi ma’ruzachi.
Majlisda deputatlar loyihani takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Ko‘tarilgan bir qator savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi konseptual jihatdan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA