Majburiy ijro byurosi Uchko‘prik tuman bo‘limi ish yurituviga binoan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudining buyrug‘iga ko‘ra, qarzdor Sh.Eshmatovdan undiruvchi M.Eshmatova foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 1/4 qism miqdorida aliment undirish belgilangan.
Biroq, sud buyrug‘ida qarzdorning manzili sifatida ko‘rsatilgan Sariqqo‘rg‘on qishlog‘idan Sh.Eshmatovni topishning imkoni bo‘lmagan. Aslida sud jarayonida qatnashgan qarzdor ota ro‘yxatdan o‘tmasdan yashayotgan manzili haqida ma’lum qilmasdan, atayin ro‘yxatdan o‘tgan, lekin yashamayotgan manzilini yozdirgan.
Buni qarangki, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudi fuqaro Sh.Eshmatovning ikkinchi farzandi uchun ham sud buyrug‘i chiqarib, Byuroning Uchko‘prik tuman bo‘limiga yuborgan.
Har ikkala sud buyruqlari bir ish yurituviga birlashtirilib, qarzdorning telefon raqami orqali bir necha marotaba ogohlantirilgan, lekin suhbatlar jarayonida u ro‘yxatdan o‘tmasdan yashab kelayotgan yashash manzili haqida ma’lumot bermagan.
Hattoki, 2 nafar farzandining moddiy ta’minoti haqida o‘ylab ham o‘tirmasdan to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.
Shu asnoda joriy yilning may oyida qarzdor Sh.Eshmatov Byuroning tuman bo‘limi qidiruv shu’basi inspektorlari tomonidan ushlanib, unga nisbatan ish kuni davomida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-4-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan va tuman ma’muriy sudiga taqdim etilgan.
Lekin sud protsessi boshlanmasdan qarzdor sud binosidan qochib ketgan.
Qarzdorga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bo‘yicha ichki ishlar bo‘limi va mahalla faollari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilib, qariyb 7 oydan so‘ng uning yangi yashab kelayotgan manzili aniqlangan.
Shu kunning o‘zida ma’muriy sud uning ishini ko‘rib chiqib, 1 dekabr holatiga 17 mln. 472 ming so‘m aliment qarzini to‘lashni taklif qilgan, rad qilgach, 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Hozirda M.Eshmatov ma’muriy qamoq jazosini o‘tamoqda, biroq bu bilan aliment qarzi zimmasidan soqit bo‘ladi degani emas. Shuningdek, u aliment to‘lovlarini kelgusida yana to‘lashdan bo‘yin tovlab yursa, uni jinoiy javobgarlik ham kutib turibdi.