Bugungi kunda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish va mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi kunga qadar sohaga oid 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, nodavlat sektorning huquqiy kafolatlari yaratilgan. Xususan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi nazarda tutilgan.
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan mazkur qonun 11-moddasining Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi ijrosi nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. Mazkur o‘rganish yakunlari qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Navoiy viloyatida jami 504 ta NNT Adliya boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tgan. 2025 yilda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Navoiy viloyat bo‘linmasiga davlat grantiga 1 milliard 191 million 657 ming so‘m, davlat subsidiyasi uchun 2 milliard 554 million 170 ming so‘m ajratilgani aytib o‘tildi.
Qashqadaryo viloyatida 1 avgust holatiga jami 598 ta NNT Adliya boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tgan. Fondning Qashqadaryo viloyat bo‘linmasiga davlat grantiga 310 million so‘m, davlat subsidiyasi uchun 3 milliard 837 million 300 ming so‘m mablag‘ ajratilgani qayd etildi.
Deputatlar qonun ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, grant loyihalarini amalga oshirish jarayonida ularning davomiyligini ta’minlash masalasida mahalliy tashkilotlar va aholi bilan samarali integratsiyaga yetarlicha e’tibor qaratilmaganini ta’kidladilar.
— Har ikkala viloyatdagi o‘rganishlarimiz davomida nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati bilan tanishdik, — deydi qo‘mita a’zosi Imomnazar Tursunov. — Ajratilgan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklidagi mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi holatiga e’tibor qaratdik. Eng avvalo, ushbu mablag‘lar jamiyatdagi ijtimoiy muhitni yaxshilash, aholi farovonligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, nogironligi bor fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni asrab qolish, ko‘chalarni yoritkichlar bilan ta’minlash kabi maqsadlarga ajratilgan. Bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdik. Shu bilan birga, mablag‘larning noqonuniy sarflangani yoxud belgilangan vaqtida ajratilmagani kabi kamchiliklar ham kuzatildi.
Muhokamalarda davlat granti tanlovlarini e’lon qilishda ijtimoiy sohadagi dolzarb muammolarni hal etishga e’tiborni kuchaytirish, qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan NNTlar uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash xarajatlarini kelgusi grant va subsidiya tanlovlari shartlariga alohida band sifatida kiritish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, har bir grant loyihasi uchun moliyaviy hisobotlarni Yagona elektron platforma orqali taqdim etish tizimini joriy etish, grant mablag‘laridan samarali, maqsadli va shaffof foydalanish bo‘yicha NNTlar uchun doimiy malaka oshirish kurslarini tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/IoF1gwVQxxM?si=Y3MNbfrhXcFttGs5" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video),
O‘zA