Andijonda “Aholiga subsidiyalar ajratish jarayonlari, ayollarga belgilangan imtiyozlar hamda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimi” mavzusida anjuman o‘tkazildi.
Andijon viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat adliya boshqarmasi, oila va xotin-qizlar bo‘limi, ularning tuman, shahar bo‘limlari mas’ullari, mutaxassislari, mavzu doirasidagi ishlarga mas’ul idoralar mutasaddilari, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda subsidiyalar ajratish tartib va mezonlari, xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
– Anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, subsidiya ajratish tartiblari hamda uy-joyga muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga ko‘maklashish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida izchillik va shaffoflikni ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish haqida ishtirokchilarga keng ma’lumotlar, taklif va tavsiyalar berish, – deydi Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadbobur Karimov. – Qolaversa, mazkur jarayonda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish choralarini ko‘rishga qaratilgan.
Anjumanda viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Sherozbek Komilovning “Aholiga subsidiyalar ajratish va to‘lash jarayonlari, tartiblari”, viloyat iqtisodiyot boshqarmasi mas’ul xodimi Nodirbek Madumarovning “Subsidiyalar ajratish va to‘lash jarayonida ayollarga belgilangan imtiyozlar”, viloyat Oila va xotin-qizlar bo‘limi bosh mutaxassisi Dildora Tojiboyevaning “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimi” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, sifati va samaradorligini oshirish, aholiga qulayliklar yaratish, ba’zi bir noqulayliklar keltirib chiqaruvchi holatlarni bartaraf etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Ma’lumki, shu yil 1 maydan subsidiya olish uchun aholidan ariza va hujjatlar qabul qilish boshlangan. Taqdim etilgan hujjatlar tegishli komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilib, xulosalar berilmoqda. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, Subsidiya olish uchun viloyatdagi Davlat xizmatlari markazlariga 1 maydan hozirgi kunga qadar 14 ming 74 ariza qabul qilingan. O‘rganishlardan so‘ng yuborilgan arizalarning 105 tasiga ijobiy xulosa, 2 ming 253 nafar talabgorga tanlash komissiyasi tomonidan rad javobi berilgan. Qolgan 11 ming 639 ariza vakolatli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
[gallery-12132]
Bundan tashqari, subsidiya olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham arizalar kelib tushmoqda. Ayni kunga qadar portal orqali qabul qilingan 6 ming 803 arizaning 1 ming 973 tasiga tanlash komissiyasi tomonidan rad javobi aytildi, 193 arizachiga ijobiy xulosa berilgan.
Anjuman davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA